“Dolzarb 90 kun” doirasida talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni innovatsion fikrlashga yo‘naltirish, shuningdek, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni amaliyotda qo‘llashga rag‘batlantirish maqsadida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida navbatdagi tadbir bo‘lib o‘tdi. Filialda “Ziyrak talabalar biznes g‘oyalari va startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash” mavzusida master-klass mashg‘uloti tashkil etildi. Ushbu mashg‘ulot yoshlar o‘rtasida startap madaniyatini shakllantirish, ularning ilmiy-ishbilarmonlik salohiyatini yuzaga chiqarish, shuningdek, zamonaviy biznes g‘oyalarga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirishga xizmat qildi.
Tadbirda Nukus yoshlar texnoparki – “Inno-X” biznes-inkubatori mentori E.Kereev, “Ziyrak talabalar” ilmiy-ishbilarmonlik faoliyatini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i A.Janabayev hamda filialning tashabbuskor va izlanuvchan talaba-yoshlari ishtirok etdilar.
Master-klass davomida zamonaviy biznes muhitida muvaffaqiyatli startap loyihalarni yaratishning bosqichlari, kreativ fikrlash asoslari, investorlar bilan muloqot qilish ko‘nikmalari, shuningdek, raqobatbardosh mahsulot yoki xizmatlarni yaratish usullari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
E’tiborlisi shundaki, tadbir interaktiv tarzda tashkil etilib, ishtirokchilar o‘z g‘oyalari asosida kichik jamoalarda ishlash, ular ustida fikr yuritish va taqdimot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bu esa ularning jamoaviy ishlash malakasini mustahkamlab, real biznes loyihalar ustida ishlashga tayyorlaydi.
Mazkur tashabbus “Dolzarb 90 kun” loyihasi doirasida olib borilayotgan keng qamrovli ishlarga muhim hissa bo‘lib xizmat qilmoqda. Ayniqsa, innovatsion fikrga ega, startap loyihalarga qiziqqan yoshlarni qamrab olish orqali nafaqat ularning iqtidorini yuzaga chiqarishga, balki kelgusidagi kasbiy yo‘nalishini to‘g‘ri belgilashga ham zamin yaratilmoqda.
Filialda bu kabi tadbirlar muntazam o‘tkazilib, har bir yoshga o‘z salohiyatini namoyon etish, amaliy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash imkoniyati yaratilmoqda. Zero, ertangi kun egasi bo‘lgan yosh avlodning har tomonlama yetuk va raqobatbardosh bo‘lib voyaga yetishi uchun bunday tashabbuslar muhim ahamiyat kasb etadi.