“Kelajakka qadam” — yoshlar orzularini ro‘yobga chiqaruvchi dastur
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida yoshlar bandligini ta’minlash, ularning tadbirkorlik salohiyatini rivojlantirish va bitiruvchilarni o‘z sohasi bo‘yicha mustaqil faoliyat yuritishga rag‘batlantirish maqsadida “O‘zmilliybank” AJ Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali bilan hamkorlikda “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda “O‘zmilliybank” vakillari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 14-fevraldagi “Oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlashga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–61-sonli qarori asosida amalga oshirilayotgan “Kelajakka qadam” dasturining mazmun-mohiyatini atroflicha tushuntirib berdilar. Uchrashuv davomida bank mutaxassislari tomonidan dastur doirasida ajratilayotgan imtiyozli kreditlar, ularning shartlari hamda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
Mazkur dastur bugungi kunda ko‘plab faol va tashabbuskor yoshlar uchun o‘z g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda mustaqil faoliyat yuritish yo‘lida ishonchli ko‘makdoshga aylangan. Nukus filialida tashkil etilgan “Kelajakka qadam” markazi ham aynan shu maqsadda faoliyat yuritib, yoshlarni dastur imkoniyatlaridan foydalanishga o‘rgatish, ularni biznes rejalar tuzish va moliyaviy savodxonlikka tayyorlash borasida tizimli ishlarni amalga oshirib kelmoqda.
Shu kungacha Milliy bankning "Kelajakka qadam" dasturi bo‘yicha 30 ga yaqin loyiha ishlab chiqilib, ulardan 23 ta loyiha bank tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, umumiy qiymati 220 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi. Ushbu loyihalar yoshlarning mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishiga keng yo‘l ochmoqda. E’tiborlisi, o‘tgan o‘quv yili bitiruvchilaridan 22 nafar talaba hamda joriy yilning bitiruvchisi — hozirgi 4-kursning 1 nafar talabasi “Kelajakka qadam” dasturi orqali imtiyozli kredit olishga muvaffaq bo‘ldi. Ular o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha kichik biznes faoliyatini yo‘lga qo‘yib, dastur orqali berilgan imkoniyatlarni amaliy natijaga aylantirmoqda.
“Kelajakka qadam” dasturi — bu oddiy moliyaviy yordam emas, balki yoshlarning orzu va intilishlarini ro‘yobga chiqarish, ularni jamiyatda faol, tashabbuskor va mustaqil shaxs sifatida shakllantirishga xizmat qiluvchi keng qamrovli tashabbusdir. Ushbu dastur orqali yaratilayotgan sharoitlar nafaqat bitiruvchilar, balki butun yoshlar avlodining porloq kelajagiga mustahkam zamin bo‘lib xizmat qilmoqda.




скачать dle 12.1