Filialda kompleks davlat akkreditatsiyasi jarayoni boshlandi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida kompleks davlat akkreditatsiyasidan o‘tish bo‘yicha tashrif boshlandi. Bugun, 14-sentabr kuni tashrifning dastlabki bosqichi sifatida ochilish yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda filial rahbariyati va mas’ullari, ekspert komissiyasi a’zolari, Agentlik vakillari hamda jarayonda ishtirok etuvchi mutaxassislar jam bo‘ldi. Yig‘ilishda filial direktori A.Esimbetov so‘zga chiqib, kompleks davlat akkreditatsiyasi jarayonining ahamiyati haqida qisqacha to‘xtaldi.
Direktor o‘z murojaatida filial faoliyatini belgilangan mezonlar asosida o‘rganish jarayonida hamkorlik va ochiq muloqotga tayyor ekanini bildirdi. Shundan so‘ng ekspert komissiyasi tarkibi bilan tanishildi hamda kompleks davlat akkreditatsiyasidan ko‘zlangan maqsad va tashrif davomida amalga oshiriladigan ishlar haqida ma’lumot berildi. Uch kun davom etadigan tashrif davomida filialning ta’lim jarayoni, boshqaruv faoliyati, ilmiy-tadqiqot ishlari, ta’lim sifati, moddiy-texnik bazasi, raqamli ta’lim muhiti hamda talabalar bilan ishlash yo‘nalishlari o‘rganiladi. Jarayon doirasida rahbariyat, professor-o‘qituvchilar, talabalar, bitiruvchilar va ish beruvchilar bilan ham uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Kompleks davlat akkreditatsiyasi doirasidagi o‘rganishlar 14–16-sentabr kunlari filialda davom etishi kutilmoqda.
скачать dle 12.1