“Men donorman” — ezgulik yo‘lidagi xayrli tashabbus
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida jamiyatga foyda keltiruvchi, insonparvarlik va mehr-shafqat ruhini yuksaltirishga qaratilgan tashabbuslar izchil davom etmoqda.
Shu ma’noda, filial xodimlari hamda talaba-yoshlar Respublika qon quyish stansiyasining ko‘chma donorlik aksiyasi doirasida o‘tkazilgan “Men donorman” xayriya tadbirida faol ishtirok etdilar.
Aksiya doirasida maxsus jihozlangan mobil donorlik kompleksida sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq rioya qilingan holda talabalar, o‘qituvchilar va xodimlar ixtiyoriy ravishda qon topshirdilar. Qon topshirishdan avval har bir ishtirokchi malakali shifokor ko‘rigidan o‘tib, salomatlik holati belgilangan tartibda tekshirildi.
Ushbu xayrli tashabbus nafaqat jamiyatda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, balki insonparvarlik va hamdardlik tuyg‘ularini mustahkamlashga ham xizmat qilmoqda. Bunday aksiyalar orqali yoshlar ongida ijtimoiy faollik, mas’uliyat, boshqalarga yordam qo‘lini cho‘zish kabi yuksak insoniy qadriyatlar shakllanmoqda.
— Shu kabi ezgulik va insonparvarlik aksiyalarida talaba-yoshlar bilan birgalikda faol qatnashish biz uchun ham sharaf, ham mas’uliyatdir— dedi filial Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi B.Xojabergenov.
Ta’kidlash joizki, filialda bu kabi ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalar muntazam tashkil etilib, yoshlarning ma’naviy kamolotiga, fidoyilik va mehr-shafqat tuyg‘ularini rivojlantirishga, shu bilan birga jamiyat oldidagi mas’uliyatini oshirishga xizmat qilmoqda.








скачать dle 12.1