Talabalar uchun amaliy tajriba makoni: “Oriyent Technology” charmni qayta ishlash korxonasiga tashrif
Zamonaviy ishlab chiqarish korxonalarida o‘tkaziladigan amaliy mashg‘ulotlar talaba-yoshlarning kasbiy tayyorgarligini oshirish, nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali “Zootexnika” kafedrasi tomonidan navbatdagi amaliy mashg‘ulot tashkillashtirildi.
“Zooinjeneriya” kafedrasi assistent o‘qituvchilari Z.Tleubayeva hamda B.Joldasbayev tashabbusi bilan 3-bosqich 307-guruhda tahsil olayotgan talabalar Nukus shahrida faoliyat yuritayotgan “Oriyent Technology” charm mahsulotlarini qayta ishlash korxonasiga tashrif buyurishdi.
Tashrif davomida talabalarni korxona rahbari va yetakchi mutaxassislari kutib oldi. Ularga korxonaning tashkil topgan tarixi, ishlab chiqarish bosqichlari, zamonaviy texnologik uskunalar, xalqaro sertifikatlash tizimi, mahsulot sifati va eksport salohiyati haqida batafsil ma’lumotlar taqdim etildi.
“Oriyent Technology” korxonasi 2010-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida tashkil etilgan bo‘lib, hozirgi kunda O‘zbekiston charm sanoatining yirik va ilg‘or subyektlaridan biri hisoblanadi. Korxona oyiga 500–550 tonna xom terini qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lib, ishlab chiqarish jarayonlari Italiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy uskunalar yordamida olib boriladi. Korxona tomonidan Wet-Blue (xromli yarim tayyor charm), Crust Skin (pardozlangan charm) kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Tayyor mahsulotlarning katta qismi ichki bozordan tashqari Yevropa davlatlariga eksport qilinadi.
Korxona charm sanoatidagi xalqaro e’tirofni tasdiqlovchi Leather Working Group (LWG) xalqaro sertifikatiga ega bo‘lib, bu uning mahsulotlari ekologik xavfsizligi va sifati yuqori darajada ekanligidan dalolat beradi.
Amaliy mashg‘ulot davomida talabalar charmni tozalash, tuzlash, ishlov berish, bo‘yash va qadoqlashgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni kuzatib, ishlab chiqarishdagi murakkab texnologik jarayonlar bilan tanishishdi. Ular zamonaviy texnika va texnologiyalar, shuningdek, ishlab chiqarishdagi mehnat muhitini bevosita ko‘rish orqali o‘z bilim va ko‘nikmalarini boyitishdi.
Mazkur tashrif talabalar uchun nafaqat o‘quv jarayonining amaliy ko‘rinishi, balki kelgusida ushbu sohada ishlashga bo‘lgan qiziqishlarini oshirgan samarali tajriba makoni bo‘ldi. “Zooinjeneriya” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan bu kabi tashriflar talabalarning soha bo‘yicha chuqur bilimga ega bo‘lishi va malakali kadr sifatida shakllanishida muhim rol o‘ynamoqda.
скачать dle 12.1