Yakuniy davlat attestatsiyasi imtihonlari adolat tamoyillari asosida o‘tkazildi
Mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida oliy ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish, ta’lim sifatini oshirish, baholash jarayonlarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi murosasiz kurashish hamda yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu borada oliy ta’lim muassasalarida bilimni xolis baholash, akademik halollik tamoyillarini qaror toptirish va raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ana shu ezgu maqsadlar ijrosi doirasida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida bitiruvchi bosqich talabalari uchun Yakuniy davlat attestatsiyasi imtihonlari bo‘lib o‘tdi. Imtihon jarayonlarining ochilish marosimida filial direktori, professor A.Esimbetov ishtirok etib, bitiruvchilarni mas’uliyatli sinov bosqichi bilan qutladi hamda ularga o‘z bilim va salohiyatini halollik, vijdonanlik va xolislik asosida namoyon etishlarini tiladi. Yakuniy davlat attestatsiyasi imtihonlari ochiqlik, shaffoflik va adolat tamoyillari asosida tashkil etildi. Jarayonlarning qonuniy va xolis o‘tishini ta’minlash maqsadida barcha auditoriyalar onlayn videokuzatuv tizimlari bilan jihozlandi, imtihonlar kuzatuvchilar ishtirokida o‘tkazildi. Bu esa baholash jarayonining inson omili ta’siridan xoli, xolis va shaffof tashkil etilishiga xizmat qilmoqda. Joriy 2025–2026-o‘quv yilida filialni jami 208 nafar talaba tamomlamoqda. Shundan 184 nafari bakalavriat, 24 nafari magistratura bosqichi bitiruvchilaridir. Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri yoshlarni munosib ish bilan ta’minlash, ularning mehnat bozorida raqobatbardosh kadr sifatida o‘z o‘rnini topishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishdan iborat. Shu maqsadda filialda bitiruvchilar bandligini ta’minlash, ularni ish beruvchi tashkilotlar bilan bog‘lash, tadbirkorlikka yo‘naltirish hamda o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunga qadar 188 nafar bitiruvchining bandligiga oid hujjatlar rasmiylashtirildi. Tahlillarga ko‘ra, bitiruvchilarning asosiy qismi doimiy ish bilan ta’minlangan, o‘zini o‘zi band qilgan yoki tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Shuningdek, bir guruh bitiruvchilar magistraturada ta’limni davom ettirishni tanlagan.
Bu esa filialda amalga oshirilayotgan ta’lim jarayoni mehnat bozori ehtiyojlari bilan uzviy bog‘langanini hamda bitiruvchilarning kelgusi mehnat faoliyatiga puxta tayyorlanayotganini yaqqol namoyon etmoqda.
Yakuniy davlat attestatsiyasi bitiruvchilarning nazariy bilimlari, amaliy ko‘nikmalari va kasbiy kompetensiyalarini xolis baholash bilan birga, ularning mustaqil mehnat faoliyatiga tayyorligini belgilaydigan muhim bosqich hisoblanadi. Filialda mazkur jarayonlarni yuksak saviyada tashkil etish, ta’lim sifati va akademik halollikni ta’minlash, shuningdek, zamonaviy bilim va yuksak malakaga ega raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.




скачать dle 12.1