Filial magistranti — "Raqamli avlod qizlari" tanlovi g‘olibi Xitoy tajribasini o‘rgandi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali 1-bosqich magistranti Sh.Qarlibayeva "Raqamli avlod qizlari" respublika tanlovining final bosqichida "Ecopost" loyihasi bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Xitoy Xalq Respublikasiga ta'lim sayohati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan edi.Yaqinda u loyiha jamoasi a'zosi V.Joldasbayeva bilan birgalikda Xitoyning Harbin shahrida tashkil etilgan 10 kunlik ta'lim dasturida ishtirok etib qaytdi. Dastur davomida tanlov g‘oliblari Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi hamda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mas'ullari hamrohligida Harbin Politexnika universiteti faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ishtirokchilar universitetning zamonaviy ta'lim tizimi, ilmiy laboratoriyalari, innovatsion markazlari hamda istiqbolli loyihalari bilan tanishish barobarida xitoy tilining boshlang‘ich kurslarida ham tahsil oldilar.
Shuningdek, delegatsiya a'zolari Harbin shahrining tarixiy va madaniy maskanlari, muzeylari hamda diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurib, Xitoyning boy madaniy merosi va zamonaviy taraqqiyot tajribasi bilan yaqindan tanishdilar. — Bu safar men uchun katta tajriba maktabi bo‘ldi. Ayniqsa, Harbin Politexnika universitetidagi ilmiy muhit va innovatsion yondashuvlar katta taassurot qoldirdi. O‘rgangan bilim va tajribalarim kelgusidagi ilmiy faoliyatimda, yangi loyihalar ustida ishlashda albatta asqotadi— deydi Sh.Qarlibayeva. Xitoyda orttirilgan ushbu tajriba Sh.Qarlibayevaning ilmiy dunyoqarashini yanada kengaytirib, innovatsion g‘oyalarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish borasidagi qarashlarini boyitdi. Xalqaro akademik muhitda olingan bilim va tajribalar uning kelgusidagi ilmiy faoliyatida muhim o‘rin tutishi shubhasiz.





скачать dle 12.1