Filial bitiruvchilariga diplomlar tantanali topshirildi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida bitiruvchi bosqich talabalari uchun "Porloq kelajak, yuksak parvoz sizga, aziz bitiruvchilar!" shiori ostida diplom topshirishning tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning zamonaviy bilim va raqobatbardosh kasb egallashi hamda mehnat bozorida munosib o‘rin topishiga qaratilgan davlat siyosatining amaliy ifodasi bo‘lgan mazkur tadbir ko‘tarinki ruhda tashkil etildi. Marosimda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Ijtimoiy-madaniy rivojlanish, yoshlar siyosati va jamoat birlashmalari masalalari qo‘mitasi raisi M.Atamuratov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi M.Qaypanov, respublikadagi oliy ta'lim muassasalari rahbarlari, filial professor-o‘qituvchilari, jamoatchilik hamda bitiruvchi talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbirni filial direktori, professor A.Esimbetov ochib berdi. U o‘z nutqida mamlakatimizda ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, oliy ta'lim sifatini oshirish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish hamda malakali mutaxassislar tayyorlash borasida filialda amalga oshirilgan ishlar haqida so‘z yuritib, bitiruvchilarning Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi. Tadbirda so‘z olgan mehmonlar ham inson kapitaliga yo‘naltirilayotgan e'tibor davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta'kidlab, yosh mutaxassislarning mamlakat taraqqiyotidagi o‘rni tobora ortib borayotganini qayd etdilar hamda bitiruvchilarga kelgusi faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladilar. Marosimning eng kulminatsion nuqtasida bakalavriat, magistratura va sirtqi ta'lim yo‘nalishlarini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarga diplomlar tantanali ravishda topshirildi.
Tadbirning yana bir ta'sirli qismida bitiruvchilar veterinariya qasamyodini qabul qilib, o‘z kasbiga sadoqat, halollik, yuksak mas'uliyat hamda insonparvarlik tamoyillariga umrbod sodiq qolishga tantanali ravishda qasamyod qildilar. Ushbu lahza ularning talabalik hayotidan yetuk mutaxassislik faoliyatiga dadil qadam qo‘yganining ramziy ifodasi bo‘ldi.
Tantana konsert dasturi bilan davom etib, barchaga unutilmas bayramona kayfiyat ulashdi. Ma'lumot o‘rnida ta'kidlash joizki, 2025–2026-o‘quv yilida filialni jami 208 nafar bitiruvchi tamomlamoqda. Shundan 184 nafari bakalavriat, 24 nafari magistratura hamda 71 nafari sirtqi ta'lim yo‘nalishi bitiruvchilaridir. Bitiruvchilarning bandligini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida 188 nafar bitiruvchining doimiy ish o‘rinlari bo‘yicha bandligiga oid rasmiy hujjatlar rasmiylashtirilgan. Bugungi tantana bir guruh yoshlarning talabalik davriga yakun yasab, ularning mustaqil kasbiy faoliyat sari dadil odim tashlashiga zamin yaratdi. Endilikda ular egallagan bilim, kasbiy mahorat va fidoyiligi bilan veterinariya, chorvachilik, biotexnologiyalar hamda boshqa muhim tarmoqlar rivojiga munosib hissa qo‘shadigan, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga xizmat qiladigan malakali mutaxassislar safidan munosib o‘rin egallaydilar.








скачать dle 12.1