Xitoy delegatsiyasi tashrifi: ikki universitetni bog‘lagan yangi istiqbollar
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida Xitoy Xalq Respublikasining Sinszyan Kasb-hunar texnologiya universiteti delegatsiyasining tashrifi doirasida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan muhim muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Delegatsiya milliy qadriyatlarimizga xos mehmondo‘stlik an’analari asosida non va tuz bilan kutib olindi. Shundan so‘ng filial rahbariyati hamda Xitoy delegatsiyasi a’zolari ishtirokida rasmiy uchrashuv tashkil etildi. Muzokaralarda ikki universitet o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik natijalari tahlil qilinib, uning istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlari atroflicha muhokama etildi. Ta’lim sifati, akademik mobillik, ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish, innovatsion ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro loyihalarda o‘zaro ishtirok etish masalalari muloqotning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi.
Uchrashuv yakunida filial hamda Sinszyan Kasb-hunar texnologiya universiteti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi doiraviy shartnoma imzolandi. Ushbu hujjat ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladigan muhim huquqiy asos bo‘ldi. Shartnomaga muvofiq, talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qisqa va uzoq muddatli o‘quv dasturlarini tashkil etish, qishloq xo‘jaligi hamda har ikki tomonni qiziqtirgan boshqa sohalarda qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar va tadqiqotchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, xalqaro ilmiy anjumanlar hamda seminarlar o‘tkazish, o‘quv resurslarini birgalikda ishlab chiqish va ta’lim sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Mazkur kelishuvlar ikki universitetning ilmiy va akademik salohiyatini birlashtirish, innovatsion yondashuvlarni ta’lim jarayoniga keng tatbiq etish, raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash hamda qishloq xo‘jaligi sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish uchun mustahkam asos yaratadi. Muzokaralardan keyin delegatsiya a’zolari filial professor-o‘qituvchilari, doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar va yosh olimlar bilan uchrashuv o‘tkazdilar. Ochiq muloqot davomida zamonaviy ta’lim tizimi, ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish, innovatsion yondashuvlar va xalqaro akademik hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari xususida fikr almashildi. Shuningdek, Xitoy oliy ta’lim tizimi tajribasiga bag‘ishlangan mahorat darsi tashkil qilinib, ishtirokchilarni qiziqtirgan qator savollarga atroflicha javob berildi.
Tashrif dasturining navbatdagi qismida delegatsiya vakillari filialda yaratilgan ta’lim va ilmiy infratuzilma bilan tanishdilar. Ular zamonaviy o‘quv auditoriyalari, ilmiy va o‘quv laboratoriyalari, amaliy mashg‘ulotlar xonalari hamda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirib, ta’lim jarayonini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdilar.
Jahonda oliy ta’limning rivojlanish sur’ati xalqaro akademik hamkorlik ko‘lami bilan ham baholanmoqda. Ilmiy salohiyatni birlashtirish, innovatsion g‘oyalar almashinuvini kengaytirish va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash bugungi kunda universitetlar oldida turgan ustuvor vazifalardan sanaladi.
Ana shu jihatdan, Sinszyan Kasb-hunar texnologiya universiteti delegatsiyasining mazkur tashrifi hamda tomonlar o‘rtasida imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi doiraviy shartnoma filialning xalqaro akademik aloqalarini kengaytirish, qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni izchil rivojlantirish, ilg‘or tajribalar almashinuvini faollashtirish hamda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida oliy ta’lim sohasida shakllangan strategik sheriklikni aniq amaliy tashabbuslar bilan to‘ldirish imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.






скачать dle 12.1