Chorvachilik sohasi mutaxassislari bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlamoqda
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida "Chorvachilik xoʻjaliklarida oziqlantirish, veterinariya profilaktikasi va samarali boshqaruv" mavzusidagi seminar-trening o‘z ishini davom ettirmoqda.
Seminar-treningni filial direktori, professor A.Esimbetov ochib berib, bugungi kunda chorvachilik va veterinariya sohalarini ilmiy yondashuvlar asosida rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish hamda hududlarda faoliyat yurituvchi malakali mentorlar korpusini shakllantirish ustuvor vazifalardan biri ekanini alohida ta'kidladi. Mazkur seminar-trening Qoraqalpogʻiston Respublikasining 16 ta tumani uchun mentorlar tayyorlashga qaratilgan bo‘lib, mashg‘ulotlar "Qoraqalpogʻiston Respublikasida loyihalarni amalga oshirish markazi" loyiha ofisi mutaxassislari hamda filialning tajribali professor-oʻqituvchilari tomonidan olib borilmoqda. Seminar davomida ishtirokchilarga chorva mollarini ilmiy asosda oziqlantirish, muvozanatli ratsion tuzish, veterinariya-profilaktika tadbirlarini samarali tashkil etish, chorvachilik xoʻjaliklarini zamonaviy boshqarish, mahsuldorlikni oshirish hamda ilgʻor tajribalarni amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha nazariy bilimlar va amaliy ko‘nikmalar berilmoqda.
Shuningdek, mashg‘ulolardavomida chorvachilikda iqtisodiy samaradorlikni oshirish, mavjud resurslardan oqilona foydalanish, kasalliklarning oldini olish hamda zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish masalalariga ham alohida e'tibor qaratilmoqda. Mazkur seminar-trening hududlarda faoliyat yuritayotgan mentorlarning kasbiy bilim va amaliy salohiyatini yanada mustahkamlash, chorvachilik tarmog‘ida zamonaviy yondashuv va innovatsion tajribalarni keng ommalashtirish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish hamda veterinariya xizmatlari sifatini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Natijada hududlarda faoliyat yurituvchi mentorlarning kasbiy salmog‘i yanada ortib, ular tomonidan chorvachilik xo‘jaliklarida zamonaviy bilim va innovatsion tajribalarni amaliyotga samarali tatbiq etish uchun zarur poydevor yaratiladi.




скачать dle 12.1