Abituriyentlar uchun qulay sharoitlar yaratildi
Xabaringiz bor, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2026–2027-o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlari qizg‘in davom etmoqda. Joriy yilning 14-iyul kuni boshlangan test sinovlari 23-iyulga qadar o‘tkazilishi belgilangan bo‘lib, ular har kuni ikki smenada — birinchi smenada soat 08:00 dan 11:00 gacha, ikkinchi smenada esa 15:00 dan 18:00 gacha tashkil etilmoqda. 2026-yil 20-iyul kuni Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali jamoasi Bilim va malakalarni baholash agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limida o‘tkazilayotgan test sinovlari jarayonida abituriyentlar hamda ularning ota-onalari uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida ko‘mak va targ‘ibot tadbirlarini amalga oshirdi. Tadbir davomida test sinovlariga kirayotgan abituriyentlarning shaxsiy buyumlarini ishonchli saqlash uchun maxsus saqlash joyi tashkil etildi. Bu yerda ularning buyumlari tartibli va xavfsiz tarzda qabul qilinib, test yakuniga qadar ishonchli saqlandi.
Shuningdek, filialning mas’ul xodimlari hamda volontyor talabalari tomonidan abituriyentlarga ruxsatnomalarini aniqlash va chiqarib berishda amaliy yordam ko‘rsatildi, test sinovlari tartibi yuzasidan zarur tavsiyalar berildi.
Ota-onalar bilan ochiq muloqotlar tashkil etilib, kutish hududlarida o‘rnatilgan onlayn kuzatuv kameralari orqali farzandlarining test topshirish jarayonini real vaqt rejimida kuzatish imkoniyati mavjudligi haqida batafsil tushuntirish ishlari olib borildi. Natijada ota-onalar farzandlarining test jarayonini bevosita kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shu bilan birga, filialning o‘qituvchilari va mas’ul xodimlari tomonidan abituriyentlar hamda ularning ota-onalariga filialda yaratilgan zamonaviy ta’lim muhiti, o‘quv laboratoriyalari, amaliy mashg‘ulotlar bazasi, talabalar turar joyi, axborot-resurs markazi, mavjud ta’lim yo‘nalishlari hamda talabalarga yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Kelajak kasbini ongli tanlash yuzasidan tavsiyalar berilib, filialning faoliyatini yorituvchi targ‘ibot materiallari tarqatildi.
Filial jamoasi kirish test sinovlarida ishtirok etayotgan barcha abituriyentlarga test sinovlarini muvaffaqiyatli topshirishlarini, munosib natijalarga erishishlarini hamda o‘zlari orzu qilgan oliy ta’lim muassasasining talabasi bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lishlarini tilaydi. Kelgusida Vatan ravnaqi yo‘lida o‘z kasbining yetuk, bilimli va fidoyi mutaxassislari bo‘lib kamol topishlariga ezgu tilaklar bildiradi.







скачать dle 12.1