Prezident qarori ijrosi: Filialda 70 nafar texnik-oseminatorning malakasi oshirildi
Mamlakatimizda chorvachilik tarmog‘ini zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirish, naslchilik ishlarini takomillashtirish va sohaga ilmiy yutuqlarni keng joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, hududlarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini muntazam yangilab borish tarmoq samaradorligini oshirishdagi muhim omillardan biri sanaladi. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 12-maydagi PQ–179-sonli “Chorvachilik tarmog‘i va yaylov xo‘jaligini zamonaviy boshqaruv tizimi va yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida sun’iy urug‘lantirish (texnik-oseminatorlik) bo‘yicha o‘n kunlik malaka oshirish seminari tashkil etildi. Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha shahar va tumanlarida faoliyat yuritayotgan 70 nafar texnik-oseminator ishtirok etdi.
O‘quv dasturi veterinariya, reproduktiv biotexnologiya va naslchilik sohasidagi zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida shakllantirilib, nazariy mashg‘ulotlar amaliy darslar bilan uyg‘unlashtirildi.
Tinglovchilar urug‘lik materialining morfologik ko‘rsatkichlari va harakatchanligini baholash, biomateriallarni tayyorlash va saqlash texnologiyalari, kriokonservatsiya usullari, sun’iy urug‘lantirishda qo‘llaniladigan zamonaviy asbob-uskunalar bilan ishlash hamda reproduktiv jarayonlarni boshqarish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egalladilar. Mashg‘ulotlarga Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti professori B.Eshburiev, Samarqand shahridagi Veterinariya mutaxassislarining malakasini oshirish instituti vakili Sh.Urazov hamda filialning tajribali professor-o‘qituvchilari jalb etildi. Seminar davomida nazariya va amaliyotning uyg‘unligi ishtirokchilarga har bir texnologiyani ish jarayonida qo‘llash, amaliy tajribani mustahkamlash va zamonaviy yondashuvlarni o‘zlashtirish imkonini berdi. Bu boradagi mashg‘ulotlar ishtirokchilarning sohaga oid amaliy bilimlarini yanada boyitdi. O‘n kun davom etgan malaka oshirish seminari sertifikat topshirish marosimi bilan yakunlandi.
Unda filial direktori, professor A.Esimbetov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining yaylovlardan samarali foydalanishni tashkil etish, chorva ozuqa bazasini mustahkamlash va chorvachilikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari F.Nurmuhammadov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Q.Pirnazarov ishtirok etdi.
Tadbir davomida malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli yakunlagan 70 nafar texnik-oseminatorga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi. Endi ular seminar davomida egallagan bilim va amaliy ko‘nikmalarini Qoraqalpog‘iston Respublikasining shahar va tumanlaridagi chorvachilik xo‘jaliklarida amaliyotga tatbiq etadi. Mazkur malaka oshirish seminari Prezident qarorida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish, naslchilik tizimiga zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish hamda sohada malakali texnik-oseminatorlar faoliyatini yanada rivojlantirishga qaratilgan amaliy ishlardan biri bo‘ldi.






скачать dle 12.1