TalabaExpo – 2026 yoshlar va ish beruvchilarni bir maydonda jamladi
Ma’lum qilganimizdek, Nukus shahridagi “Oqqush” majmuasida “TalabaExpo – 2026” kasb ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir bitiruvchi talaba-yoshlarni mehnat bozoridagi mavjud imkoniyatlar bilan yaqindan tanishtirish, ularning bandligini ta’minlash hamda ish beruvchilar va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etildi.
Ko‘rgazmada tashkilotlar, korxona hamda muassasalar, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari o‘z ko‘rgazmalari bilan faol ishtirok etdilar. Tashkil etilgan ko‘rgazmalar orqali ishtirokchilar turli sohalardagi faoliyat yo‘nalishlari, zamonaviy loyihalar, mavjud bo‘sh ish o‘rinlari hamda yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdilar. Tadbir doirasida o‘z biznesini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ygan yosh tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqotlar va master-klasslar tashkil etildi. Ular o‘z tajribalari, bosib o‘tgan yo‘llari va erishgan natijalari bilan o‘rtoqlashib, bitiruvchi yoshlarga tashabbuskor bo‘lish, o‘z ustida muntazam ishlash hamda zamonaviy kasb va tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish yuzasidan tavsiyalar berdilar.
Ko‘rgazmada Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali jamoasi hamda bitiruvchi talaba-yoshlar ham faol ishtirok etib, filialda yaratilgan zamonaviy ta’lim muhiti, ilmiy-amaliy faoliyat, ta’lim yo‘nalishlari va bitiruvchilar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarni o‘z ko‘rgazmalari orqali keng namoyish etdilar.
Tadbir yakunida ko‘rgazmani tashkil etish va o‘tkazishda faol ishtirok etgan oliy ta’lim muassasalari, tashkilotlar hamda bitiruvchi talaba-yoshlar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
— Bunday ko‘rgazmalar bitiruvchi yoshlarning kasb tanlashdagi ishonchini mustahkamlab, ish beruvchilar bilan bevosita muloqot qilishiga keng yo‘l ochadi — deydi o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari A.Kaniyazov.






скачать dle 12.1