Xitoyda erishilgan kelishuvlar ta’lim sohasidagi aloqalarni kengaytirmoqda
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari ta’lim sohasida ham izchil rivojlanmoqda. Oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirish hamda ilmiy hamkorlikni rivojlantirish ikki mamlakat munosabatlarining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.Xitoy Xalq Respublikasining Guizhou viloyati, Guiyang va Guian shaharlarida o‘tkazilgan “2026 China–ASEAN Education Cooperation Week” xalqaro tadbiri mazkur yo‘nalishdagi nufuzli anjumanlardan biri bo‘ldi. Unda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Filial direktori, professor A.Esimbetov boshchiligidagi delegatsiya xalqaro forumlar va sohaviy uchrashuvlarda qatnashib, veterinariya, chorvachilik va biotexnologiya sohalari uchun malakali mutaxassislar tayyorlash, ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish hamda ilmiy hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot qildi.
Kasb-hunar ta’limiga bag‘ishlangan forumda professor A.Esimbetov ma’ruza bilan ishtirok etib, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasi, amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlash, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish hamda xalqaro hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari haqida fikr bildirdi. Ma’ruza forum ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Tashrifning eng muhim natijalaridan biri Xitoyning Politexnika universiteti hamda Ninsya Kasb-hunar texnika universiteti bilan “Tovuq yetishtirish va sotish” yo‘nalishi bo‘yicha Shenzhen Agreement asosida uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolangani bo‘ldi. Shuningdek, Xitoy va ASEAN mamlakatlarining qator oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan anglashuvlarga erishildi.Erishilgan kelishuvlar akademik almashinuvni kengaytirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish hamda xalqaro ta’lim loyihalarini ro‘yobga chiqarish uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi. Bu esa filialning xalqaro hamkorlik doirasini yanada kengaytirish yo‘lidagi navbatdagi amaliy natija bo‘ldi.
Xalqaro hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va universitetlar o‘rtasidagi akademik aloqalarni rivojlantirish Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Xitoyda bo‘lib o‘tgan mazkur xalqaro anjuman ta’lim va ilm-fan sohasida o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlikni yanada mustahkamlash, yangi tashabbuslar va istiqbolli loyihalarni shakllantirish uchun muhim muloqot maydoniga aylandi.






скачать dle 12.1