“Do‘stlik festivali” doirasida Qo‘ng‘irotdagi maktabda ma’rifat va motivatsiya uchrashuvi o‘tkazildi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida o‘tkazilayotgan “Do‘stlik festivali”ning uchinchi kuni ma’rifat, tajriba almashish va yoshlarni ezgu maqsadlar sari ruhlantirishga qaratilgan tadbirlar bilan davom etdi.
Festival dasturi asosida filial jamoasi hamda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari Mo‘ynoq tumani tomon yo‘l olar ekan, safar davomida Qo‘ng‘irot tumanidagi 43-sonli umumta’lim maktabida alohida uchrashuv tashkil etildi. Unda filial direktori A.Esimbetov, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori I.Tuxtasinov, maktab rahbariyati, pedagoglar va o‘quvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda o‘quvchi-yoshlarni katta maqsadlar sari intilish, o‘z ustida muntazam ishlash va kelajakda yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan yetuk kadrlar bo‘lib kamol topishga da’vat etuvchi fikrlar yangradi. Uchrashuvning e’tiborli jihatlaridan biri shundaki, mazkur maktabda O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov tahsil olgan. Bu haqdagi ma’lumot yoshlar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi.
Rahbarlar har qanday yuksak marraga erishishning poydevori aynan maktab davrida qo‘yilishini alohida ta’kidlab, bugun shu maktab partasida o‘tirgan o‘quvchilar orasidan ham kelajakda yurt taraqqiyotiga xizmat qiladigan olimlar, rahbarlar, pedagoglar va yetuk mutaxassislar yetishib chiqishiga ishonch bildirdilar.
Muloqot davomida o‘quvchilarni qiziqtirgan savollarga javob berildi, oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, talabalar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda zamonaviy kasblarning istiqbollari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Bu esa yoshlarning kelajak rejalari va kasb tanlash borasidagi tasavvurlarini yanada boyitdi.
Tadbirning yakuniy qismida “Bir kitob — ming do‘st” shiori ostida ma’rifiy aksiya tashkil etildi. Mazkur aksiya doirasida maktab o‘quvchilariga turli yo‘nalishlardagi badiiy va ilmiy adabiyotlar sovg‘a qilindi.





скачать dle 12.1