SAMARQAND DAVLAT VETERINARIYA MEDITSINASI, CHORVACHILIK VA BIOTEXNOLOGIYALAR UNIVERSITETI NUKUS FILIALI
Tarix va do‘stlik chorrahasidagi sayohat » SAMARQAND VETERINARIYA MEDITSINASI INSTITUTI NUKUS FILIAL
SAMARQAND DAVLAT VETERINARIYA MEDITSINASI, CHORVACHILIK VA BIOTEXNOLOGIYALAR UNIVERSITETI NUKUS FILIALI
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida 1-iyundan boshlangan “Do‘stlik festivali”ning har bir kuni yangi manzillar va yorqin taassurotlarga boy tarzda davom etmoqda. Festival doirasida turli hududlardan tashrif buyurgan talaba-yoshlar uchun Mo‘ynoq tumaniga sayohat tashkil etildi. Qoraqalpog‘istonning eng mashhur manzillaridan biri sanalgan ushbu hudud mehmonlarni o‘zining betakror tarixi va o‘zgacha manzaralari bilan qarshi oldi. Sayohat davomida festival ishtirokchilari ochiq osmon ostidagi mashhur “Kemalar qabristoni” muzeyida bo‘ldilar. Bir vaqtlar Orol to‘lqinlari bag‘rida suzgan kemalarning bugun qumlar orasida qad rostlab turishi yoshlar e’tiborini tortdi. Ushbu manzara Orol tarixining eng ta’sirchan sahifalaridan biri sifatida katta qiziqish uyg‘otdi. Shundan so‘ng talabalar Orol dengizi tarixi muzeyiga tashrif buyurib, dengizning o‘tmishi, hudud aholisining hayoti hamda ekologik o‘zgarishlarni aks ettiruvchi eksponatlar bilan tanishdilar. Muzeydagi ma’lumotlar va tarixiy manbalar ishtirokchilarda Orolning kechagi va bugungi qiyofasi haqida yanada kengroq tasavvur hosil qildi. Mo‘ynoq safari festival qatnashchilari uchun qiziqarli sayohat, tarix bilan uchrashuv va yangi taassurotlar manziliga aylandi. Bu yerda olingan xotiralar esa “Do‘stlik festivali”ning eng yorqin sahifalaridan biri sifatida ishtirokchilar qalbida muhrlanib qoladi.