Nukusdagi “Do‘stlik festivali” oliy ta’lim muassasalarini bir nuqtada jamladi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida o‘tkazilgan “Do‘stlik festivali” mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan talaba-yoshlar hamda oliy ta’lim muassasalari vakillarini yagona maqsad atrofida birlashtirgan yirik ijtimoiy-madaniy tadbirga aylandi.
Festival doirasida Toshkent shahri va respublikaning qator hududlaridan kelgan delegatsiyalar tantanali kutib olinib, Qoraqalpog‘istonning boy madaniyati, milliy qadriyatlari va mehmondo‘stlik an’analari namoyish etildi. Tadbirlar davomida ishtirokchilar o‘rtasida ochiq muloqot, tajriba almashish va o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan uchrashuvlar tashkil etildi. Festival dasturidan sport musobaqalari, zakovat bellashuvlari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda tarixiy-madaniy maskanlarga sayohatlar o‘rin oldi.
Xususan, Mizdaqxon tarixiy-arxeologik majmuasi, I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi hamda Mo‘ynoq tumaniga uyushtirilgan safarlar ishtirokchilarda yurtimizning boy tarixi va madaniy merosiga nisbatan yanada katta qiziqish uyg‘otdi. Uch kun davom etgan festival turli hududlarda tahsil olayotgan yoshlarni yaqinlashtirish, ular o‘rtasida do‘stona aloqalarni mustahkamlash va o‘zaro tajriba almashish uchun muhim maydon vazifasini o‘tadi.
Eng muhimi, ushbu loyiha yoshlarning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirish, milliybirlik va hamjihatlik g‘oyalarini keng targ‘ib etishga xizmat qildi. “Do‘stlik festivali” o‘z mazmuni va qamrovi bilan oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, yoshlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini kengaytirish hamda Yangi O‘zbekistonning faol va tashabbuskor avlodini tarbiyalash yo‘lidagi muhim tashabbuslardan biri sifatida ahamiyat kasb etdi. Uch kun davom etgan festival yoshlarni birlashtirgan, yangi tanishuvlar va mustahkam do‘stliklarga yo‘l ochgan voqealardan biri bo‘ldi.










скачать dle 12.1