SAMARQAND DAVLAT VETERINARIYA MEDITSINASI, CHORVACHILIK VA BIOTEXNOLOGIYALAR UNIVERSITETI NUKUS FILIALI
Mizdaqxon majmuasiga sayohat “Do‘stlik festivali” ishtirokchilarida unutilmas taassurot qoldirdi » SAMARQAND VETERINARIYA MEDITSINASI INSTITUTI NUKUS FILIAL
SAMARQAND DAVLAT VETERINARIYA MEDITSINASI, CHORVACHILIK VA BIOTEXNOLOGIYALAR UNIVERSITETI NUKUS FILIALI
Mizdaqxon majmuasiga sayohat “Do‘stlik festivali” ishtirokchilarida unutilmas taassurot qoldirdi
Avval xabar berganimizdek, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan oliy ta’lim muassasalari vakillarini birlashtirgan “Do‘stlik festivali” tantanali ravishda start oldi. Festivalning rasmiy ochilish marosimidan so‘ng ishtirokchilar uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasining eng qadimiy va muqaddas maskanlaridan biri hisoblangan Xo‘jayli tumanidagi Mizdaqxon tarixiy-arxeologik majmuasiga sayohat tashkil etildi. Ushbu ma’naviy-ma’rifiy ekskursiya mehmonlarga hududning boy tarixi, betakror madaniy merosi hamda ajdodlarimiz qoldirgan bebaho obidalar bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Sayohat davomida festival ishtirokchilari Sharqiy tepalik hududida joylashgan bir qator noyob me’moriy yodgorliklarni tomosha qildilar. Xususan, yarim yerosti me’moriy obidasi sanalgan Mazlumxon-Sulu maqbarasi mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Mazkur maqbara o‘zining noyob tuzilishi bilan ajralib turadi. Uning asosiy qismi yer ostida joylashgan bo‘lib, faqat peshtoq va gumbaz qismlari yer yuzasidan ko‘rinib turadi. Shuningdek, mehmonlar Xalifa Erejep maqbarasi, Shamun-Nabi maqbarasi, Jumart-qassob do‘ngi hamda majmua hududidagi boshqa tarixiy obidalar bilan yaqindan tanishdilar. Ekskursiya davomida ularga mazkur yodgorliklarning bunyod etilish tarixi, me’moriy xususiyatlari, xalq orasida saqlanib kelayotgan rivoyatlar hamda ularning mintaqa madaniy hayotidagi o‘rni haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Ayniqsa, Mazlumxon-Sulu maqbarasi bilan bog‘liq afsona va tarixiy ma’lumotlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Asrlar davomida avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan rivoyatlar ushbu obidaning sirli va jozibador qiyofasini yanada boyitib, sayohat ishtirokchilarining qiziqishini oshirdi. Shu bilan birga, mutaxassislar tomonidan olib borilgan ilmiy tadqiqotlar mazkur yodgorlikning o‘rta asrlar me’morchiligi tarixidagi alohida o‘rnini tasdiqlaydi. Do‘stona muhit va hamjihatlik ruhida o‘tgan mazkur ekskursiya festival qatnashchilarining o‘zaro muloqotini yanada mustahkamladi. Turli hududlardan tashrif buyurgan yoshlar va oliy ta’lim muassasalari vakillari tarixiy merosimiz bilan yaqindan tanishish barobarida, yangi do‘stlik rishtalarini bog‘lash, fikr almashish hamda milliy qadriyatlarimizning mazmun-mohiyatini chuqurroq anglash imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Shubhasiz, Mizdaqxon majmuasiga uyushtirilgan ushbu sayohat “Do‘stlik festivali”ning eng mazmunli va esda qolarli tadbirlaridan biri sifatida ishtirokchilar xotirasida uzoq vaqt saqlanib qoladi.