Yoshlar va oliygohlarni birlashtirgan festival Nukusda tantanali boshlandi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan oliy ta’lim muassasalari vakillarini birlashtirgan “Do‘stlik festivali” tantanali ravishda boshlandi.
Festival doirasida oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, tajriba almashish hamda yoshlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan qator tadbirlar o‘tkazilishi belgilangan.
Festival doirasida Toshkent shahri hamda respublikamizning turli viloyatlaridagi oliy ta’lim muassasalari rektorlari boshchiligidagi delegatsiyalar Nukus temir yo‘l vokzalida tantanali ravishda kutib olindi. Mehmonlar milliy qadriyatlarimizga xos hurmat va ehtirom ila qarshi olinib, ularga Qoraqalpog‘istonning mehmondo‘stlik an’analari namoyish etildi.
Shundan so‘ng mehmonlar filialga tashrif buyurib, filial jamoasi tomonidan non va tuz bilan samimiy kutib olindi. Milliy urf-odatlarimiz va xalqimizning bag‘rikenglik fazilatlarini o‘zida mujassam etgan ushbu marosim festivalning do‘stlik va hamjihatlik ruhini yanada mustahkamladi.
Tadbir davomida mehmonlar uchun Orolbo‘yi gastronomik madaniyatini aks ettiruvchi noyob taomlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ayniqsa, Orol baliqlaridan tayyorlangan 99 turdagi milliy va zamonaviy taomlar namoyishi ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. Mehmonlar ko‘rgazmadan o‘rin olgan taomlar bilan yaqindan tanishib, ularning o‘ziga xos ta’mini ham baholadilar.
Festivalning rasmiy ochilish marosimida filial direktorining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari X.Abdijaliyev so‘zga chiqib, mazkur tadbirning yoshlar o‘rtasida do‘stlik, hamkorlik va madaniy aloqalarni mustahkamlashdagi ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.
Shuningdek, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori I.Tuxtasinov hamda boshqa nufuzli mehmonlar so‘z olib, festival ishtirokchilarini ushbu qutlug‘ tadbirning boshlanishi bilan samimiy tabrikladilar.
Nutqlarda mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va yoshlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash masalalariga alohida urg‘u berildi.
Festivalning badiiy qismi ham ishtirokchilarga unutilmas taassurotlar ulashdi. Konsert dasturi davomida milliy va zamonaviy kuy-qo‘shiqlar yangrab, iste’dodli san’atkorlarning chiqishlari yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
Turli hududlardan tashrif buyurgan mehmonlar va yoshlarning samimiy muloqotlari esa festivalning bosh g‘oyasi — do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat tamoyillarining amaldagi ifodasiga aylandi.
“Do‘stlik festivali”ning ilk kuni yuqori saviyada tashkil etilib, uning keyingi tadbirlari ham mazmunli va taassurotlarga boy o‘tishiga mustahkam zamin yaratdi.










скачать dle 12.1