Qurbon hayiti munosabati bilan filial direktori tabrigi
Assalomu alaykum, muhtaram ustozlar, professor-o‘qituvchilar, fidoyi jamoamiz hamda qalbi ezgulikka oshno aziz talaba-yoshlar! Barchangizni inson qalbini poklikka, mehr-oqibat va saxovatga chorlaydigan muborak Qurbon hayiti bilan chin dildan samimiy muborakbod etaman. Bu fayzli ayyom har bir xonadonga qut-baraka, har bir qalbga sokinlik va shukronalik tuyg‘usini olib kiradi. Eng ulug‘ ne’mat bo‘lgan tinchlik va osoyishtalik hukm surayotgan yurtimizda mana shunday muqaddas kunlarni yaqinlar davrasida qarshi olayotganimiz barchamiz uchun cheksiz saodatdir.
Qurbon hayiti — insonning qalbiga mehr uyg‘otadigan, ko‘ngillarga nur baxsh etadigan, odamlarni bir-biriga yanada yaqinlashtiradigan ulug‘ ayyomdir. Bu muborak kunlarda duolar samoga ko‘tarilib, ezgu niyatlar qalblarni poklaydi, insoniylik, muruvvat va oqibat kabi yuksak fazilatlar yanada teran ma’no kasb etadi. Ayniqsa, ota-onalar duosini olish, nuroniylar holidan xabar olish, ehtiyojmand insonlarga mehr ulashish, ko‘ngillarga taskin berish xalqimizga xos eng olijanob qadriyatlar sifatida qalblarni yanada yaqinlashtiradi.
Bugungi dorilamon kunlarda yurtimizda hukm surayotgan tinchlik, hamjihatlik va mehr-oqibat muhiti har birimizning qalbimizda Vatanga muhabbat, ertangi kunga ishonch va shukronalik tuyg‘ularini yanada mustahkamlamoqda. Ayniqsa, yosh avlodning ilmli, ma’naviy yetuk hamda Vatanga sadoqat ruhida kamol topayotgani qalblarimizni cheksiz iftixor va quvonchga to‘ldiradi.
Qadrli jamoamiz! Ushbu muborak ayyomda har bir oilaga fayzu baraka, xonadonlarga qut va saodat, qalblarga xotirjamlik, dasturxonlarga to‘kinlik tilayman.
Mehr va oqibat, ezgulik va duolar xonadonlaringizni hech qachon tark etmasin. Qurbon hayiti barchamizga muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
filial direktori, professor Esimbetov Adilbay Tlepovich
скачать dle 12.1