“Mirzo Ulug‘bek vorislari” tanlovining respublika bosqichida filial talabasi g‘olib bo‘ldi
Har yili an’anaviy tarzda yosh iqtidor egalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy-innovatsion g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiluvchi “Mirzo Ulug‘bek vorislari” respublika tanlovining final bosqichi joriy yilning 18–22-may kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli tanlovda mamlakatimizning turli hududlaridan kelgan yosh innovatorlar o‘zining startap tashabbuslari bilan ishtirok etib, o‘zaro bellashdilar. Xususan, respublika bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tashrif buyurgan 20 nafar yosh innovator o‘z loyihalari bilan faol ishtirok etdi.
Tanlov yakuniy natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning 11 nafari g‘olib deb topilib, esdalik sovg‘alari, 8 240 000 so‘mlik vaucher sertifikatlari hamda tanlovning maxsus statuetkalari bilan munosib taqdirlandi.
Quvonarlisi, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialining 1-bosqich magistranti Omirzakov G‘ayratdin ham ushbu g‘oliblar safidan munosib o‘rin egallab, filialimiz sharafini munosib himoya qildi.
Uning tanlovdagi loyihasi Qoraqalpog‘iston hududida baliqchilik sohasida mavjud muammolarni innovatsion yondashuv asosida hal etishga qaratilgan bo‘lib, “AKCHAKUL SMART AQUA — Baliq yetishtirishning gibrid modeli” nomli startap tashabbusi bilan ishtirok etdi.
Mazkur loyiha sohada samaradorlikni oshirish, resurslardan oqilona foydalanish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga yo‘naltirilgani bilan alohida e’tibor qozondi.
Filial jamoasi nomidan Omirzakov G‘ayratdinni ushbu ijobiy yutuq bilan samimiy muborakbod etamiz hamda uning kelgusidagi ilmiy va innovatsion faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilaymiz!



скачать dle 12.1