Mo‘ynoq safari yoshlarda katta taassurot qoldirdi
Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashkil etilayotgan “Orol dengiziga poyezd” yoshlar ekologik aksiyasi hamda “Biz Orol bilan birgamiz” eko marafoni doirasidagi tadbirlar davomida mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan faol va tashabbuskor yoshlar Mo‘ynoq tumaniga sayohat qildi.
Sayohat davomida ishtirokchilar dastlab ochiq osmon ostidagi mashhur “Kemalar qabristoni” muzeyida bo‘lib, Orol dengizi fojiasi va uning ekologik oqibatlari bilan yaqindan tanishdi. Bir vaqtlar dengiz bag‘rida suzgan ulkan kemalarning bugun qum sahrosida qolib ketgani yoshlarda chuqur taassurot uyg‘otdi.
Ushbu manzara orqali ishtirokchilarga tabiatni asrash, ekologik muammolarga befarq bo‘lmaslik va atrof-muhitni muhofaza qilishning ahamiyati haqida tushunchalar berildi.
Shundan so‘ng yoshlar Orol dengizi tarixi muzeyiga tashrif buyurib, dengizning o‘tmishi, hudud hayoti va ekologik o‘zgarishlarni aks ettiruvchi eksponatlar bilan yaqindan tanishdi.
Muzey xodimlari tomonidan dengiz tarixi, saqlanayotgan eksponatlar hamda hudud bilan bog‘liq qiziqarli ma’lumotlar taqdim etildi. Ishtirokchilar Orol dengizi haqida suratga olingan hujjatli filmni tomosha qilib, dengizning kechagi va bugungi holati haqida yanada kengroq tasavvurga ega bo‘ldi.
Tadbir davomida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali jamoasi hamda talaba-yoshlari ham faol qatnashib, mehmonlarga hududning ekologik holati, tarixiy maskanlari va Orol dengizi bilan bog‘liq ma’lumotlar haqida batafsil tushunchalar berib bordi.
Mazkur sayohat yoshlarda ekologik madaniyatni shakllantirish, tabiatga mehr uyg‘otish hamda Orol fojiasidan to‘g‘ri xulosa chiqarish borasida katta taassurot qoldirdi.




скачать dle 12.1