Mahalla va oliy ta’lim hamkorligi — hudud taraqqiyotining muhim omili
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Mahallalarni rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” doirasida “Hudud taraqqiyotida mahalla va oliy ta’lim muassasalari hamkorligining o‘rni” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.
Tadbirda ommaviy axborot vositalari vakillari, filial rahbariyati, professor-o‘qituvchilar hamda “Gulzor” mahalla fuqarolar yig‘ini faollari ishtirok etdi.
Ochiq muloqot mamlakatimizda mahalla institutini qo‘llab-quvvatlash, aholi bilan manzilli ishlash tizimini takomillashtirish hamda ta’lim muassasalarining jamiyat hayotidagi ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan izchil islohotlar mazmuni bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Tadbirni filial direktorining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari X.Abdijaliev olib bordi. U o‘z chiqishida mahalla va oliy ta’lim muassasalari hamkorligi yoshlar bilan manzilli ishlash, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlashda muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi.
Muloqot davomida “Gulzor” mahallasida kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim Z.Yuldasheva mahalla miqyosida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berib, ayniqsa yoshlar bilan manzilli ishlash, ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlar bilan tizimli ishlashga alohida e’tibor qaratilayotganini qayd etdi.
Ta’kidlanganidek, mahalla va filial o‘rtasidagi hamkorlik doirasida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, profilaktik uchrashuvlar, sport musobaqalari hamda targ‘ibot loyihalari muntazam tashkil etib kelinmoqda. Bu esa yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni jamiyat hayotiga faol jalb qilish, vatanparvarlik va fuqarolik mas’uliyati tuyg‘usini mustahkamlashda muhim o‘rin tutmoqda.
Ochiq muloqotda mahalla instituti va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirish, davlat siyosatida belgilangan vazifalar ijrosini quyi bo‘g‘inlarda samarali ta’minlash hamda hududlarda ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Ochiq muloqot yakunida mahalla va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik yoshlar muammolarini manzilli hal etish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish hamda jamiyatda o‘zaro hamjihatlik muhitini mustahkamlashda samarali natija berayotgani ta’kidlandi.






скачать dle 12.1