Bir poyezd, minglab orzular va bitta maqsad
Bugungi kunda atrof-muhitni asrash, ekologik muammolarga befarq bo‘lmaslik hamda yoshlar qalbida tabiatga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlash tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, butun dunyo hamjamiyati e’tiborida bo‘lib kelayotgan Orolbo‘yi hududidagi ekologik vaziyat bu boradagi mas’uliyatni yanada oshirmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Orol dengiziga poyezd” yoshlar ekologik aksiyasi hamda “Biz Orol bilan birgamiz” eko marafoni tadbirlari ana shunday ezgu maqsadlarni o‘zida mujassam etgan yirik ekologik va ma’naviy-ma’rifiy loyiha sifatida o‘tkazilmoqda. Mazkur tadbir mamlakatimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan faol va tashabbuskor yoshlarni bir maqsad yo‘lida birlashtirib, ularning ekologik muammolarga daxldorlik hissini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Eko marafonda respublikamizdagi qator oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlari faol ishtirok etmoqda. Ular safida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali jamoasi hamda talaba-yoshlari ham munosib ishtirok etib, ushbu ekologik tashabbusning faol qatnashchilaridan biriga aylandi.
Marafon doirasida ishtirokchilar uchun Amudaryo tumanida joylashgan tarixiy Chilpiq qal’asiga sayohat tashkil etildi. Ko‘hna tarix va boy madaniy merosni o‘zida mujassam etgan ushbu maskan mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Sayohat davomida yoshlar Chilpiq qal’asining tarixi, uning o‘ziga xos me’moriy tuzilishi hamda hududning tarixiy ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Ayniqsa, turli hududlardan tashrif buyurgan yoshlarning birgalikda milliy qo‘shiqlar ijro etgani, samimiy suhbatlar qurib, o‘zaro fikr almashgani tadbirning ma’naviy ahamiyatini yanada oshirdi.
Bu esa yoshlar o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va Vatanga muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlashda muhim omil bo‘ldi.




скачать dle 12.1