Hurmatli yoshlar, aziz ota-onalar va qadrli yurtdoshlar!
Bugungi shiddatli va murakkab zamonda har bir insonning hayoti, uning ertangi kuni va jamiyat taraqqiyoti avvalo sog‘lom turmush tarziga bog‘liqdir. Ayniqsa, yosh avlodning ma’naviy barkamolligi, mustahkam irodasi va sog‘lom fikrlashi bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biridir.
Afsuski, dunyo miqyosida giyohvandlik va narkojinoyatlar insoniyat kelajagiga jiddiy xavf solayotgan global muammoga aylanmoqda. Bu illat inson salomatligini yemiradi, oilalar tinchini buzadi, yoshlarning orzu-intilishlari va porloq kelajagini barbod qiladi. Eng achinarlisi, giyohvandlik jamiyat taraqqiyotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Aziz yoshlar!
Sizlar Yangi O‘zbekistonning ishonchi, xalqimizning ertangi kuni va taraqqiyot tayanchisiz. Sizlarning bilim olishingiz, ilm-fan va innovatsiyalarga intilishingiz, sog‘lom va faol hayot tarzini tanlashingiz mamlakatimiz ravnaqining eng muhim omilidir. Har biringiz o‘z oldingizga ulkan maqsadlar qo‘ying, vaqtni qadrlang, zararli illatlardan yiroq bo‘ling.
Hayotingizni giyohvandlik kabi halokatli yo‘llarga emas, ilm-ma’rifat, sport, ijod va bunyodkorlikka bag‘ishlang.
Bugun dunyo yoshlarining muvaffaqiyati ularning bilimida, tafakkurida va qat’iyatidadir. Siz ham o‘z kuchingiz va salohiyatingiz bilan jamiyatimiz rivojiga munosib hissa qo‘sha olasiz. Shuni unutmangki, sog‘lom inson — sog‘lom jamiyat poydevoridir.
Hurmatli ota-onalar!
Farzand tarbiyasi eng ulug‘ va mas’uliyatli vazifadir. Yoshlarning qanday muhitda ulg‘ayishi, kim bilan do‘stlashishi, bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazishi ularning kelajagini belgilaydi. Shu bois, farzandlarimizga mehr va e’tiborli bo‘lish, ularni doimo qo‘llab-quvvatlash, qalbiga ezgulik va vatanparvarlik tuyg‘ularini singdirish barchamizning muqaddas burchimizdir.
Hurmat bilan,
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik
va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali direktori,
biologya fanlari doktori, professor Esimbetov A.T.
скачать dle 12.1