Ota-onalar kongressi: yoshlar tarbiyasida hamkorlik va mas’uliyat
Hozirgi globallashuv jarayonlari kuchayib borayotgan davrda yoshlar ongi va tafakkurini asrash, ularni Vatanga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash masalasi davlat siyosatining eng ustuvor vazifalaridan biriga aylanmoqda. Chunki jamiyatning ertangi kuni — ma’nan yetuk, mustaqil fikrlaydigan va yurt taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashaydigan yoshlar qo‘lida.
Shu jihatdan, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida tashkil etilgan Ota-onalar kongressi yoshlar tarbiyasi, ularning ma’naviy kamoloti va kelajagiga daxldor muhim masalalar muhokama qilingan ahamiyatli tadbirlardan biri bo‘ldi. Kongress avvalida talabalarning ota-onalari filialda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishishdi. Ular axborot-resurs markazlari, o‘quv laboratoriyalari, vivariylar hamda talabalar uchun yaratilgan imkoniyatlarni ko‘zdan kechirib, ta’lim jarayoniga yangicha yondashuvlar joriy etilayotganiga guvoh bo‘lishdi. Shundan so‘ng filial majlislar zalida kongressning asosiy qismi bo‘lib o‘tdi. Uni filial direktori, professor A.Esimbetov olib bordi. Uchrashuvda bugungi kunda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual salohiyati va ma’naviy dunyoqarashini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida fikr yuritildi. Ta’kidlanganidek, globallashuv jarayonlari kuchayib borayotgan hozirgi davrda yoshlarni turli yot g‘oyalar ta’siridan himoya qilish, ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, kitobxonlik va ilmga qiziqishini oshirish muhim vazifalardan biri sanaladi. Bu yo‘lda ota-ona va ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik hal qiluvchi ahamiyatga ega. Kongress doirasida ota-onalar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Suhbatlar jarayonida talabalar ta’limi, tarbiyasi va ma’naviy muhitini yanada mustahkamlashga oid taklif va mulohazalar bildirildi.
Tadbir davomida ta’lim, ilm-fan va jamoat ishlarida faol ishtirok etayotgan iqtidorli talaba-yoshlarning ota-onalari tashakkurnomalar bilan taqdirlandi. — Qizim bitiruvchi kurs talabasi. Joriy o‘quv yilida To‘lepbergen Qaipbergenov nomidagi davlat stipendiyasi sohibasi bo‘ldi. Bu ustozlarning mehnati va bergan bilimlari samarasi — deydi talaba onasi Gulzar Aliyeva. — Filialda yoshlar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘rib, ko‘nglimiz yanada to‘ldi. Mazkur kongress ota-ona, ta’lim muassasasi va jamiyat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Eng muhimi, bu kabi uchrashuvlar yoshlar tarbiyasiga daxldor mas’uliyatni yana bir bor chuqur his etishga undashi bilan ahamiyatlidir.








скачать dle 12.1