Yakuniy nazorat jarayonlari shaffoflik va ochiqlik asosida tashkil etilmoqda
Ayni kunlarda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida 2025–2026-o‘quv yilining ikkinchi semestri yakunlari munosabati bilan talabalarning bilim darajasini baholash jarayonlari qizg‘in davom etmoqda. Xususan, 11-may sanasidan boshlab 1 va 2-bosqich talaba-yoshlari uchun yakuniy nazorat imtihonlari tashkil etildi.
Filial auditoriyalarida kechayotgan imtihon jarayonlarida talabalarning semestr davomida egallagan nazariy bilimlari, amaliy ko‘nikmalari hamda mustaqil fikrlash salohiyati sinovdan o‘tkazilmoqda. Yakuniy nazoratlar fan xususiyatidan kelib chiqib yozma, og‘zaki va test shakllarida olib borilayotgani esa baholash mezonlarining yanada aniq va tizimli bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Muhimi, imtihonlarning ochiq, xolis va adolatli o‘tishini ta’minlash masalasi filial rahbariyati hamda mas’ul tuzilmalar tomonidan alohida nazoratga olingan. Jarayonlarning shaffofligini ta’minlash maqsadida barcha imtihonlar videokuzatuv kameralariga ulangan auditoriyalarda tashkil etilib, nazorat ishlari doimiy monitoring asosida olib borilmoqda. Shuningdek, yakuniy nazoratlarni belgilangan tartib-qoidalar asosida o‘tkazish, akademik halollik tamoyillariga qat’iy rioya etish hamda korrupsion holatlarning oldini olish yuzasidan dekanat tomonidan professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar ishtirokida tushuntirish yig‘ilishlari ham tashkil etildi. Imtihon jarayonlaridagi tartib-intizom, auditoriyalardagi jiddiy muhit va talabalarning mas’uliyat bilan yondashuvi filialda ta’lim sifati hamda bilimni adolatli baholashga qaratilgan e’tibor izchil davom etayotganini namoyon etmoqda. Eng muhimi, bu kabi shaffof va tizimli jarayonlar yoshlarning bilim olishga bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, ularni yanada mas’uliyatli va intiluvchan bo‘lishga undamoqda.




скачать dle 12.1