Chimboy tumanida bitiruvchi o‘quvchilar bilan targ‘ibot uchrashuvlari o‘tkazildi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali «Veterinariya diagnostikasi va oziq-ovqat xavfsizligi» kafedrasi o‘qituvchilari Chimboy tumanidagi umumta’lim maktablarida bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan uchrashuv va targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazdilar. Dastlab maktab rahbariyati bilan uchrashuv tashkil etildi. Muloqot davomida tomonlar ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, o‘quvchi-yoshlarning oliy ta’limga qiziqishini oshirish hamda ularni kasbga yo‘naltirish bo‘yicha fikr almashdilar. Shuningdek, maktab o‘quvchilarini filial faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, ularning kelgusida to‘g‘ri ta’lim yo‘nalishini tanlashiga ko‘maklashish masalalari ham muhokama qilindi.
Shundan so‘ng bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan uchrashuv o‘tkazilib, ularga filialda yaratilgan keng imkoniyatlar, zamonaviy o‘quv laboratoriyalari, ilm-fan va innovatsion yo‘nalishlar, talaba-yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar hamda erishilayotgan yutuqlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tadbir davomida o‘quvchilarga filialda tahsil olish tartibi, ta’lim jarayonining amaliyot bilan uzviy bog‘liqligi hamda kelgusida malakali mutaxassis bo‘lib yetishish uchun yaratilgan imkoniyatlar yuzasidan ham tushuntirishlar berildi. — O‘quvchi-yoshlar bilan bevosita jonli muloqot olib borib, ularga filialimiz faoliyati, yaratilgan sharoitlar va ta’lim jarayoni haqida atroflicha ma’lumot berdik. Bu esa ularda katta qiziqish uyg‘otdi hamda ijobiy taassurot qoldirdi— deydi kafedra o‘qituvchisi A.Kalenderov. Targ‘ibot tadbirlari yakunida bunday uchrashuvlarning ahamiyati alohida ta’kidlanib, ular o‘quvchi-yoshlarning kasb tanlashga ongli yondashuvini shakllantirishi, oliy ta’lim muassasalari bilan yaqindan tanishishiga xizmat qilishi hamda kelajakdagi maqsadlarini aniq belgilashida muhim o‘rin tutishi qayd etildi.




скачать dle 12.1