Teatr sahnasida hayot haqiqatlari talqini
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali “Veterinariya va zooinjeneriya” fakulteti rahbariyati hamrohligida talaba-yoshlar Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatriga tashrif buyurib, ayni kunlarda keng jamoatchilik e’tiborini va mehrini qozonayotgan “Terbenbes júrekler – 2” spektaklini tomosha qilishdi.
Teatr maskanidagi samimiy va hayajonli muhit talaba-yoshlarga unutilmas taassurotlar ulashdi. Sahna asari inson qalbining eng nozik nuqtalariga murojaat qiluvchi mazmuni, chuqur falsafiy yondashuvi hamda ta’sirchan dramatik yechimlari bilan ajralib turdi. Spektaklda ona mehri, farzand qadri, oilaviy mas’uliyat, insoniylik va vijdon kabi hayotiy tushunchalar badiiy talqin orqali yorqin ifoda etildi. Ayniqsa, hali dunyoga kelmagan go‘daklarning armon va sog‘inch bilan yo‘g‘rilgan ichki kechinmalari tomoshabin qalbini larzaga soldi.
Sahnadagi har bir lavha hayotiyligi, dialoglarning tabiiyligi hamda aktyorlarning yuksak mahorati bilan tomoshabinlarni voqealar ichiga yetakladi. Ayrim dramatik sahnalar talabalarni chuqur mushohadaga chorlab, ularning qalbida mehr, rahm-shafqat va inson qadri haqidagi tushunchalarni yanada boyitdi. Tomosha davomida zalni sukut va hayajon egallab, talabalar voqealarni katta qiziqish bilan kuzatishdi. Ta’sirchan epizodlar esa ko‘pchilikning ko‘zlariga yosh qalqishiga sabab bo‘ldi.
Spektaklda aktyorlarning obrazlarga chuqur kirib ijod qilgani, sahna madaniyati va hissiyotlarni tabiiy yetkazib bera olgani tomoshabinlar tomonidan yuqori baholandi. Har bir qahramonning ichki kechinmalari mahorat bilan ochib berilgani sahna asarining ta’sir kuchini yanada oshirdi. Musiqiy bezaklar, yorug‘lik yechimlari va sahna uyg‘unligi esa spektaklning badiiy qiymatini yuksaltirdi.
Bunday madaniy-ma’rifiy tadbirlar talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning dunyoqarashi va estetik didini boyitishda alohida o‘rin tutadi. Teatr orqali yoshlar hayotiy voqealarga teranroq nigoh bilan qarashni o‘rganib, insoniylik, mehr-oqibat va ma’naviy qadriyatlarning asl mohiyatini chuqur his etadilar.




скачать dle 12.1