Nazariya va amaliyot uyg‘unligi ta’lim sifatini oshirmoqda
Bugungi kunda chorvachilik sohasida raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash jarayonida nazariy bilimlarni amaliy tajriba bilan uyg‘unlashtirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, bo‘lajak zooinjenerlarning ishlab chiqarish jarayonlari bilan bevosita tanishishi, amaliy ko‘nikmalarini real muhitda mustahkamlashi ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqadi.
Shu asosda “Zooinjeneriya” ta’lim yo‘nalishi 4-bosqich 407-guruh talabalari amaliy mashg‘ulotlarni O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chavandozlar maktabida olib bordilar. Amaliy mashg‘ulotlar davomida talabalar otlar biologiyasi va seleksiyasi bo‘yicha nazariy bilimlarini amaliy jarayonlar bilan uyg‘unlashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Jumladan, ular sport va xizmat yo‘nalishida parvarish qilinayotgan otlarning tana proporsiyasi, mushaklar rivojlanishi, skelet tuzilishi hamda harakat apparati xususiyatlarini baholash usullarini o‘rgandilar. Shuningdek, talabalar otlarning konstitutsion tiplari, zotga xos eksteryer belgilarini aniqlash, jismoniy rivojlanish darajasini tahlil qilish hamda naslchilikda muhim hisoblangan seleksion ko‘rsatkichlarni baholash bo‘yicha amaliy tajriba orttirdilar.
Mashg‘ulot jarayonida bosh qismi, bo‘yin, ko‘krak qafasi, bel, oyoq tuzilishi va harakat koordinatsiyasi kabi anatomik belgilarni tahlil qilish usullari ham atroflicha ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, yosh mutaxassislar otlarni saqlash va parvarishlash texnologiyasi, oziqlantirish me’yorlari, zoogigiyenik talablar hamda xizmat otlarini tayyorlash jarayonlari bilan yaqindan tanishdilar.
— Ushbu amaliy mashg‘ulotlarning asosiy maqsadi talabalarni ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishtirish, ularda mustaqil fikrlash va kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirishdan iborat — deydi fan o‘qituvchisi A.Urimbetov.
Amaliy mashg‘ulotlar talabalarning bilim va tajribasini boyitib, ularning sohaga bo‘lgan qiziqishi hamda kasbiy tayyorgarligini yanada oshirmoqda.



скачать dle 12.1