“Direktor kubogi”: o‘qituvchilar va xodimlar voleybolda kuch sinashdi
“Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida sportning voleybol turi bo‘yicha “Direktor kubogi” musobaqasi yuqori sport ruhi va ko‘tarinki kayfiyatda tashkil etildi.
Tadbirning tantanali ochilish marosimida filial direktori A.Esimbetov so‘zga chiqib, ishtirokchilarga omad tiladi hamda jamoalar o‘rtasida sog‘lom raqobat, hamjihatlik va sportga bo‘lgan qiziqishni yanada kuchaytirish muhimligini ta’kidladi.
Musobaqa davomida professor-o‘qituvchilar hamda xodimlardan tashkil topgan jamoalar maydonda g‘alaba uchun oxirigacha kurash olib bordi.
Tezkor hujumlar, aniq uzatmalar va muhim ochkolar hisobiga bahslar tobora qizg‘in tus oldi. Ayniqsa, final uchrashuvlari tomoshabinlarga unutilmas sport lahzalarini taqdim etdi.
Ayollar o‘rtasidagi bahslarda xodimalardan tashkil topgan “Liderler” jamoasi o‘zining ahil o‘yini va ustun taktikasi bilan faxrli 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, “Direktor kubogi” sohibiga aylandi. O‘qituvchilardan iborat “Ilmli ayollar” jamoasi 2-o‘rinni egallagan bo‘lsa, texnik xodimalarning “Do‘stlik” jamoasi kuchli uchlikdan joy oldi.
Erkaklar jamoalari o‘rtasidagi bellashuvlar ham keskin va murosasiz ruhda o‘tdi. Xo‘jalik bo‘limining “Terbenbes” jamoasi ishonchli o‘yin namoyish etib, 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Registratsiya ofisi jamoasi 2-o‘ringa sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Ma’naviyat bo‘limi jamoasi faxrli 3-o‘rinni egalladi. Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. “Direktor kubogi” filial jamoasi o‘rtasida hamjihatlikni mustahkamlash, sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish va sportga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Voleybol bahslari davomida maydondagi shijoat va g‘alabaga intilish barcha ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.





скачать dle 12.1