O‘n ming qadam — sog‘lom kelajak garovi
Bugun jamiyat taraqqiyoti, avvalo, inson salomatligi va sog‘lom turmush madaniyati bilan chambarchas bog‘liq. Ayniqsa, yoshlar orasida jismoniy faollikni oshirish, ularni sport va sog‘lom hayotga keng jalb etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil davom ettirilmoqda.
Mazkur ezgu g‘oyalarni hayotga tatbiq etish maqsadida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Sog‘lom hayot uchun o‘n ming qadam” shiori ostida ommaviy yurish marafoni tashkil etildi. Nukus shahridagi so‘lim maskanlardan biri — “Do‘stlik kanali” bo‘yida o‘tkazilgan tadbirda professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talaba-yoshlar faol qatnashib, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish yo‘lida bir maqsad atrofida jam bo‘ldilar. Erta tongdagi ko‘tarinki kayfiyat, qatnashchilarning faol harakati va jo‘shqin ruhi marafonga o‘zgacha mazmun bag‘ishladi.
— Yoshlar salomatligini mustahkamlash va ularni sport hamda jismoniy faollikka keng jalb etish bugungi kunda ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Bunday tadbirlar yoshlarni sog‘lom hayotga undaydi, ularda faollik va tashabbuskorlikni oshiradi — deydi filial direktori A.Esimbetov. Tadbir davomida ishtirokchilar o‘rtasida samimiy muhit va hamjihatlik hukm surdi. Yoshlarning faol ishtiroki marafonga alohida mazmun bag‘ishladi. Bu esa oliy ta’lim muassasalarida sifatli ta’lim bilan birga sog‘lom va ma’naviy yetuk avlodni tarbiyalashga ham e’tibor kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.
“Sog‘lom hayot uchun o‘n ming qadam” marafoni sog‘lom jamiyat sari tashlangan yana bir muhim qadam bo‘ldi. Salomatlik, jismoniy faollik va sog‘lom turmush tarzi ustuvor bo‘lgan jamiyatda kelajak ham mustahkam va farovon bo‘ladi.






скачать dle 12.1