Direktor talabalar turar joyida talaba-yoshlar bilan ochiq suhbat o‘tkazdi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida talaba-yoshlar uchun yaratilayotgan zamonaviy shart-sharoitlar doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik markazida. Filial direktori A.Esimbetov talabalar turar joyiga tashrif buyurib, u yerda istiqomat qilayotgan yoshlar bilan samimiy va ochiq ruhda uchrashuv o‘tkazdi.
Tashrif davomida yaqinda foydalanishga topshirilgan 400 o‘rinli zamonaviy talabalar turar joyida yaratilgan imkoniyatlar bilan yaqindan tanishildi. Mazkur maskan yoshlar uchun yashash, bilim olish, o‘z ustida ishlash va bo‘sh vaqtni mazmunli o‘tkazish imkoniyatlarini to‘liq qamrab olgan qulay muhitga ega.
Bu esa davlatimiz tomonidan yoshlar siyosatiga berilayotgan e’tiborning amaliy natijalaridan biridir.
Uchrashuv jarayonida talabalar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, ularning fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslari tinglandi.
Talabalar yaratilgan sharoitlardan mamnun ekanliklarini alohida ta’kidlab, kelgusida yanada samarali ta’lim olish va faol bo‘lish istaklarini bildirdilar.
— Avvalgi yotoqxonamiz eskirgan edi. Sizlarga va’da qilganimizdek, zamonaviy va barcha qulayliklarga ega turar joyni bunyod etdik. Endi sizlardan asosiy talab — ushbu imkoniyatlardan oqilona foydalanib, bilimni puxta egallashdir. Qulay muhit inson qalbiga xotirjamlik, ertangi kunga ishonch bag‘ishlaydi. Xotirjam qalb esa albatta yuksak natijalarga erishadi — deydi filial direktori A.Esimbetov.
Mazkur uchrashuv talabalar hayotidan yaqindan xabar olish, ular bilan ochiq muloqotni mustahkamlash hamda mavjud masalalarni joyida hal etishga xizmat qildi.






скачать dle 12.1