Qalb va qalam uyg‘unligida adabiyot sehri
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida qoraqalpoq adabiyotining ikki ulkan siymosi — O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq shoiri I.Yusupov hamda O‘zbekiston Qahramoni, Qoraqalpog‘iston va O‘zbekiston xalq yozuvchisi T.Qayipbergenov tavalludining 97 yilligiga bag‘ishlangan “Ikki qalb, bir adabiyot nafasi” nomli adabiy-badiiy kecha yuksak ruhda tashkil etildi.
Tadbirni Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor birinchi o‘rinbosari X.Abdijaliyev kirish so‘zi bilan ochib, I.Yusupov va T.Qayipbergenov kabi ijodkorlarning xalq ruhiyatini aks ettirgan, milliy adabiyot taraqqiyotida o‘chmas iz qoldirgan asarlari bugungi kunda ham o‘z dolzarbligini yo‘qotmaganini alohida ta’kidladi.
Adabiy kecha davomida so‘z olgan i Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Qoraqalpoq adabiyoti kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) A.Jaqsılıqova hamda filialning “Iqtisodiyot va gumanitar fanlar” kafedrasi o‘qituvchisi, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Q.Sarsenbayevlar ikki ijodkorning hayot yo‘li, ularning badiiy olami, asarlarida mujassam bo‘lgan insoniylik, vatanparvarlik, xalqparvarlik g‘oyalari haqida atroflicha so‘z yuritdilar.
Ular ta’kidlaganidek, Ibroyim Yusupov she’riyati xalq qalbining ohangi, uning orzu-umidlari va iztiroblarining badiiy ifodasi bo‘lsa, T.Qayipbergenov ijodi inson ruhiyatining chuqur qatlamlarini ochib beruvchi, hayot haqiqatini teran badiiy tafakkur orqali yorituvchi noyob ijodiy maktab sifatida qadrlanadi.
Ularning ijodiy merosi bugungi avlod uchun yuksak ma’naviy mezon, chinakam badiiy zavq manbaidir. Tadbir davomida talaba-yoshlar tomonidan ijodkorlarning she’rlaridan parchalar o‘qildi. Bu esa adabiy kechaga o‘zgacha ta’sir ko‘rsatib, undagi adabiy muhitni yanada yorqinlashtirdi. “Ikki qalb, bir adabiyot nafasi” nomi ostida o‘tgan ushbu kecha chin ma’noda adabiyot bayramiga aylandi.
Unda ikki ulug‘ siymo xotirasi yana bir bor yod etilib, ularning boy ijodiy merosi qalblarda yangidan yashagandek bo‘ldi. Tadbir yakunida ishtirokchilar ijodkorlar merosiga hurmat yanada mustahkamlanganini, adabiyotga oshno qalblar uchun bunday uchrashuvlar doimiy ma’naviy ta’sir uyg‘otishini alohida ta’kidladilar.




скачать dle 12.1