SAMARQAND DAVLAT VETERINARIYA MEDITSINASI, CHORVACHILIK VA BIOTEXNOLOGIYALAR UNIVERSITETI NUKUS FILIALI
Yoshlar uchun yangi imkoniyatlar va mehnat bozoriga yaqinlashuvni ta’minlagan mehnat yarmarkasi » SAMARQAND VETERINARIYA MEDITSINASI INSTITUTI NUKUS FILIAL
SAMARQAND DAVLAT VETERINARIYA MEDITSINASI, CHORVACHILIK VA BIOTEXNOLOGIYALAR UNIVERSITETI NUKUS FILIALI
Telefon
+998 61 224 71 09
E-mail
samvminf@edu.uz
SamDVUNF » Yangliklar » Yoshlar uchun yangi imkoniyatlar va mehnat bozoriga yaqinlashuvni ta’minlagan mehnat yarmarkasi
Yoshlar uchun yangi imkoniyatlar va mehnat bozoriga yaqinlashuvni ta’minlagan mehnat yarmarkasi
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar bandligini ta’minlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil amalga oshirilmoqda. Aholisi 38 milliondan ortiq bo‘lgan yurtimizda qariyb 9,5 million nafar yoshlarning mavjudligi bu masalaga alohida yondashuvni talab etadi. Zero, har to‘rtinchi fuqaro yoshlar qatlamiga to‘g‘ri kelayotgani ularning jamiyat taraqqiyotida hal qiluvchi kuch ekanini anglatadi. Shu nuqtai nazardan, “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi yoshlar siyosatining aniq va manzilli yo‘nalishlarini belgilab berdi. Unda yoshlarni ish bilan ta’minlash, tadbirkorlikka jalb etish, zamonaviy ta’lim va kasb-hunarlarni egallashga ko‘maklashish kabi ustuvor vazifalar qamrab olingan. Bugun ushbu vazifalar amalda o‘z ifodasini topib, yoshlarning mustaqil hayotga ishonch bilan kirib borishi uchun mustahkam zamin yaratilmoqda. Ana shunday izchil sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi sifatida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Karyera kuni” bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Tadbirni filial direktori A.Esimbetov ochib berdi va uni mazmunli ruhda olib bordi. — Zamonaviy mehnat bozori yuqori malakali, tashabbuskor va amaliy ko‘nikmaga ega kadrlarga ehtiyoj yuqoriligi bilan ajralib turadi. Shu bois ta’limni ishlab chiqarish bilan uyg‘unlashtirish bugungi islohotlar sharoitida dolzarb vazifa sifatida belgilangan — deydi A.Esimbetov. Yarmarkada 30 ga yaqin korxona va tashkilotlar hamda shahar va tuman veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limlari bo‘sh ish o‘rinlari bilan faol ishtirok etib, yosh kadrlarni ishga jalb etish va mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qondirishga qaratilgan amaliy muloqot maydonini shakllantirdi. Tadbir davomida bitiruvchi yoshlar ish beruvchilar bilan bevosita muloqot olib borib, bo‘sh ish o‘rinlari, mehnat sharoiti, oylik maosh va kasbiy o‘sish imkoniyatlari haqida atroflicha ma’lumotlarga ega bo‘ldi. Bu muloqotlar yoshlarning kelgusi kasbiy yo‘nalishini aniqlashga zamin yaratdi. Shuningdek, tadbir doirasida o‘tkazilgan seminar va taqdimotlarda ishga joylashish jarayoni, rezyume tayyorlash va suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi. Tadbir yakunida ish beruvchilar va talaba-yoshlar o‘rtasida jami 42 ta shartnoma imzolandi. Bu natija yoshlarni ish bilan ta’minlash borasidagi amaliy qadamlar samarasini yaqqol ko‘rsatdi. Ma’lumot uchun, 2025/2026 o‘quv yilida filialda 7 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 113 nafar bakalavr bitiruvchisi tahsilni yakunlamoqda. Shu bilan birga, jami 205 nafar bitiruvchi katta hayot sari yo‘l olmoqda. Ularning 113 nafari bakalavr, 21 nafari magistratura bosqichi bitiruvchilari, 71 nafari esa sirtqi ta’lim shaklida tahsil olgan yoshlardir. Xulosa qilib aytganda, mazkur “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan muhim amaliy tashabbus sifatida baholandi.