Sun’iy intellektning “ko‘rinmas xavflari”: yoshlar ogohlikka chorlandi
Raqamli texnologiyalar hayotimizga tobora chuqur kirib borayotgan bugungi davrda ularning imkoniyatlari bilan bir qatorda yashirin xavflari haqida ham ochiq gapirish zarur. Ayniqsa, sun’iy intellekt asosida yuzaga kelayotgan yangi turdagi moliyaviy firibgarliklar jamiyat uchun jiddiy tahdidga aylanmoqda. Shu maqsadda Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida navbatdagi targ‘ibot tadbiri tashkil etildi.
“Iqtisodiyot va gumanitar fanlar” kafedrasida o‘tkazilgan “Sun’iy intellektning zulmatli tomoni” mavzusidagi uchrashuv talaba-yoshlar uchun dolzarb masalalarga bag‘ishlandi. Tadbirda profilaktika inspektori, kapitan Q.Qayipnazarov hamda kafedra o‘qituvchisi P.Allaniyazov ishtirok etib, zamonaviy axborot texnologiyalari orqali sodir etilayotgan moliyaviy jinoyatlarning yangi ko‘rinishlari haqida atroflicha so‘z yuritdi.
Ta’kidlanganidek, bugun firibgarlik usullari oddiy sxemalardan chiqib, sun’iy intellekt vositalari yordamida yanada murakkablashib bormoqda. Soxta ovozlar, qalbaki xabarlar, ishonch uyg‘otuvchi raqamli tasvirlar orqali fuqarolarni aldash holatlari ko‘paymoqda. Bunday sharoitda yoshlarning hushyorligi, axborot savodxonligi va moliyaviy madaniyati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv davomida talabalarga real hayotiy misollar asosida tushuntirishlar berildi, ehtiyot choralariga alohida urg‘u qaratildi. Eng muhimi, yoshlarni har qanday shubhali axborotga tanqidiy yondashish, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va moliyaviy qarorlar qabul qilishda mas’uliyatli bo‘lishga chaqirildi.
Mutaxassislar fikricha, bugungi kunda moliyaviy xavfsizlik masalasi iqtisodiy bilimdan tashqari halollik, ongli qarash va mustahkam fuqarolik pozitsiyasini talab etadigan kompleks jarayondir. Yosh avlodni aynan shu ruhda tarbiyalash bunday targ‘ibot tadbirlarining bosh maqsadi hisoblanadi.
Mazkur uchrashuv talabalarda yangi bilim, real hayotda zarur bo‘ladigan ogohlik ko‘nikmalarini ham shakllantirdi. Chunki raqamli dunyoda xavfsiz harakat qilish — bugungi yoshlar uchun eng muhim hayotiy ko‘nikmalardan biriga aylanib bormoqda.




скачать dle 12.1