Orolbo‘yi chorvachiligida zamonaviy yondashuvlar va ilmiy asoslangan yechimlar
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Orolbo‘yi mintaqasida veterinariya hamda chorvachilikda zamonaviy innovatsion yechimlar: imkoniyatlar, muammolar va istiqbollar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman Orolbo‘yi hududining murakkab ekologik sharoitida chorvachilik va veterinariya sohalarini ilmiy yondashuvlar asosida rivojlantirish, innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tatbiq etish hamda mavjud tizimli muammolarni chuqur tahlil qilishga xizmat qiluvchi muhim ilmiy muloqot maydoniga aylandi.
Konferensiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi rahbariyati, soha olimlari, yosh tadqiqotchilar va doktorantlar bevosita, ya’ni offline tarzda ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti rahbariyati hamda respublikamizdagi qator yetakchi oliy ta’lim muassasalari vakillari esa online tarzda ulanib, ilmiy muhokamalarda faol qatnashdilar.
Anjumanni filial direktori, professor A.Esimbetov ochib berdi. U o‘z nutqida konferensiyaning Xalqaro veterinariya kuni bilan hamohang tarzda o‘tkazilayotganini alohida qayd etib, bu tashabbus soha nufuzini yuksaltirishga, veterinariya ilm-fanining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada yaqqol namoyon etishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi veterinariya va chorvachilik sohasida zamonaviy innovatsion yondashuvlarni amaliyotga samarali tatbiq etish, ilmiy tadqiqotlar natijalari bilan ishlab chiqarish jarayonlari o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni kuchaytirish hamda Orolbo‘yi hududiga xos ekologik va veterinariya muammolarini ilmiy asosda chuqur tahlil qilishdan iborat bo‘ldi.
Shu bilan birga, anjuman sohada to‘plangan ilmiy salohiyatni amaliy yechimlarga yo‘naltirish, mavjud muammolarga nisbatan yangi ilmiy qarash va takliflarni shakllantirish uchun muhim zamin yaratdi.
Konferensiya davomida taqdim etilgan ma’ruzalar ilmiy mazmuni va amaliy ahamiyati bilan ajralib turdi. Jumladan, veterinariya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) A.Seypullaevning “Orolbo‘yi hududi sharoitida qoramollarda vitamin va mineral almashinuvining buzilish xususiyatlari” mavzusidagi ma’ruzasi alohida e’tibor qozondi.
Unda ekologik holat, yem-xashak tarkibi va iqlim o‘zgarishlarining hayvonlar organizmi hamda mahsuldorligiga ta’siri ilmiy asosda yoritildi. Tadqiqot natijalari vitamin-mineral yetishmovchiligi immunitet pasayishi, reproduktiv muammolar va mahsuldorlik kamayishiga olib kelishini ko‘rsatadi. Shu bois ilmiy asoslangan oziqlantirish, biokimyoviy monitoring va zamonaviy veterinariya texnologiyalarini joriy etish dolzarb hisoblanadi.
Mutaxassislar fikricha, Orolbo‘yi chorvachiligini rivojlantirishda an’anaviy yondashuvlar yetarli emas, raqamli va biotexnologik yechimlarga asoslangan kompleks yondashuv zarur.
Konferensiya davomida ilgari surilgan taklif va tavsiyalar Orolbo‘yi mintaqasida veterinariya va chorvachilikni zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, ilmiy salohiyatni amaliy natijalarga yaqinlashtirish hamda soha raqobatbardoshligini oshirish yo‘nalishida muhim asos bo‘lib xizmat qildi.
Mazkur ilmiy-amaliy anjuman Orolbo‘yi hududida chorvachilik va veterinariya sohalarini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy muloqot va hamkorlik jarayonlarini yanada faollashtiruvchi muhim voqea sifatida e’tirof etildi.







скачать dle 12.1