Media-tur: yangi talabalar turar joyidagi zamonaviy sharoitlar va imkoniyatlar
Bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar markazida inson qadri, uning farovon hayoti va kelajagi turibdi. Ayniqsa, yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun munosib ta’lim va yashash sharoitlarini yaratish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani bejiz emas. Zero, qulay muhitda ta’lim olgan yoshlar — ertangi taraqqiyotning eng mustahkam poydevoridir.
So‘nggi yillarda oliy ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan yangilanishlar, zamonaviy infratuzilmaning barpo etilishi bu boradagi ishlarning izchil va puxta reja asosida olib borilayotganini ko‘rsatmoqda. Xususan, talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilayotgani diqqatga sazovordir. Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida barpo etilgan 400 o‘rinli yangi talabalar turar joyi ana shu ezgu sa’y-harakatlarning yorqin namunasidir.
Zamonaviy me’moriy yechimlar asosida barpo etilgan mazkur inshoot talabalar uchun qulay, motivatsiya bag‘ishlovchi muhit sifatida ahamiyatlidir. Aytish joizki, ushbu yirik ijtimoiy loyihaning qurilish ishlari 2024 yilda boshlangan bo‘lib, qisqa muddatda — 2026 yilda to‘liq yakunlandi. Bugungi kunda esa talabalarni yangi turar joyga ko‘chirish ishlari izchil tashkil etilmoqda: joriy yilning 1 aprel sanasidan boshlab talabalar bosqichma-bosqich yangi binoga joylashtirildi.
Ushbu inshootda tashkil etilgan media-tur davomida ommaviy axborot vositalari vakillari yangi turar joyda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Tadbir davomida Ishlar boshqarmasi boshlig‘i B. Janibekov, Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i B. Paluaniazov hamda “ARGONYA” MChJ moliya direktori M. Qallibekova tomonidan obyektning barpo etilishi, uning maqsadi va talabalar hayotidagi ahamiyati yuzasidan atroflicha ma’lumotlar taqdim etildi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilgan bo‘lib, bugungi kunda ta’lim sohasida samarali hamkorlik namunasi sifatida e’tirof etilmoqda. Zero, xususiy sektor ishtirokida bunday ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlarning barpo etilishi sohaning yanada jadal rivojlanishiga xizmat qiladi.
To‘rt qavatli ushbu zamonaviy turar joy barcha talablarga javob beradigan infratuzilmaga ega. Bu yerda talabalar uchun ma’naviyat xonasi, dam olish hududlari, sanitariya-gigiyena xonalari, zamonaviy jihozlangan oshxona hamda tezkor internet tarmog‘iga ulangan Wi-Fi zonalari yaratilgan. Bunday sharoitlar yoshlarning yashashi, samarali ta’lim olishi hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
E’tiborlisi, bu kabi loyihalar orqali yoshlarga bo‘lgan e’tibor amalda namoyon bo‘lmoqda. Zero, talabalar uchun yaratilgan qulay muhit ularning bilim olishga bo‘lgan intilishini yanada oshiradi, ijodiy va intellektual salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, shuni alohida qayd etish lozimki, mazkur talabalar turar joyining rasmiy ochilish marosimi sentyabr oylariga, ya’ni yangi o‘quv yili boshlanishi arafasiga rejalashtirilgan. Hozirgi bosqichda esa ushbu inshoot faoliyati bilan yaqindan tanishtirish hamda yaratilgan shart-sharoitlarni keng jamoatchilikka namoyish etish maqsadida media-tur tashkil etildi.
Media-tur ishtirokchilari ham yaratilgan shart-sharoitlarni yuqori baholab, bunday zamonaviy infratuzilma obyektlari yoshlar kelajagini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar.
Shubhasiz, bugun barpo etilayotgan har bir shunday inshoot — ertangi kunga, bilimli va salohiyatli avlodga qo‘yilayotgan mustahkam sarmoyadir.






скачать dle 12.1