Filialda chorvachilikni rivojlantirishga qaratilgan o‘quv kursi boshlandi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan hamkorlikda “Hayvonlarni oziqlantirish va sun’iy urug‘lantirish” mavzusida o‘quv kursi tashkil etildi. Bugun mazkur o‘quv kursining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni filial direktori A.Esimbetov ochib berib, o‘z nutqida chorvachilik sohasini ilmiy asosda rivojlantirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi. Shuningdek, ushbu o‘quv kursi mutaxassislarning kasbiy salohiyatini kuchaytirish bilan birga, hududlarda chorvachilikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishini alohida urg‘uladi.
Tadbir davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari A.Qayratdinov ham so‘zga chiqdi. U o‘z nutqida bunday amaliy o‘quv kurslari orqali soha rivoji ta’minlanishi va aholi bandligini oshirish, ayniqsa yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish orqali kambag‘allikni qisqartirishga erishilishini ta’kidladi.
O‘quv kursida shahar va tumanlardagi veterinariya bo‘limlari xodimlari, naslchilik mutaxassislari hamda soha vakillari ishtirok etmoqda. Bu esa mazkur tashabbusning amaliy ahamiyatini yanada oshirib, hududiy darajada samarali natijalarga erishish imkonini beradi.
Shu bilan birga, o‘quv kursi faqat mutaxassislar bilan cheklanib qolmay, chorvachilikka qiziqish bildirayotgan ishsiz yoshlarni ham qamrab olgani bilan ahamiyatlidir. Tinglovchilar o‘quv jarayonida hayvonlarni ilmiy asosda oziqlantirish, naslni yaxshilashda sun’iy urug‘lantirish usullaridan samarali foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash kabi yo‘nalishlarda zarur bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lmoqda.
Bir hafta davom etadigan o‘quv kurslari doirasida filialning tajribali professor-o‘qituvchilari tomonidan nazariy mashg‘ulotlar bilan bir qatorda amaliy darslar ham tashkil etilmoqda. Bu esa tinglovchilarning olgan bilimlarini bevosita amaliyot bilan mustahkamlash imkonini bermoqda.
Eng muhim jihatlardan biri shundaki, o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan ishtirokchilarga o‘z faoliyatini boshlashi uchun keng imkoniyatlar yaratiladi. Jumladan, ularga chorvachilik yo‘nalishida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun yengillashtirilgan kreditlar ajratish, zarur maslahat va amaliy ko‘mak berish rejalashtirilgan. Bu esa yoshlarning o‘z biznesini boshlashiga, yangi ish o‘rinlari yaratishiga va barqaror daromad manbaiga ega bo‘lishiga xizmat qiladi.
Mazkur o‘quv kursining asosiy maqsadi — chorvachilik sohasida zamonaviy bilim va texnologiyalarni keng joriy etish, mutaxassislar malakasini oshirish hamda ishsiz yoshlarni kasbga yo‘naltirish orqali ularning bandligini ta’minlashdan iborat. Shuningdek, bu kabi tashabbuslar hududlarda chorvachilikni barqaror rivojlantirish, mahsuldorlikni oshirish va aholi farovonligini yuksaltirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.





скачать dle 12.1