“Kelajakka qadam” — yoshlar siyosatining amaliy ifodasi va ishonchli istiqbol yo‘li
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Kelajakka qadam” dasturi doirasida bitiruvchi yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi. Ushbu muloqot Yangi O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil e’tibor qaratilayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Tadbirda filial rahbariyati bilan bir qatorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirining birinchi o‘rinbosari A.Qayratdinov, “O‘zmilliybank”ning “Kelajakka qadam” sektori markazi menejeri K.Sharipova, “Aloqabank” hududiy markazi vakili T.Shamuratov hamda “Mikrokreditbank” hududiy boshqarmasi mas’ul xodimi B.Saparov ishtirok etdi.
Uchrashuvni filial direktori A.Esimbetov ochib berib, bugungi taraqqiyot bosqichida yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish va mustaqil hayotga tayyorlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylanganini alohida ta’kidladi. Bu borada oliy ta’lim muassasalari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklanayotgani qayd etildi.
Filialda joriy yilda 205 nafar bitiruvchi katta hayot sari yo‘l olmoqda. Ularning 113 nafari bakalavr, 21 nafari magistratura bosqichi bitiruvchilari, 71 nafari sirtqi ta’lim shaklida tahsil olgan yoshlar hisoblanadi. Bu ko‘rsatkichlar hududda zamonaviy bilim va kasbiy salohiyatga ega kadrlar safi izchil kengayib borayotganidan dalolat beradi.
Muloqot davomida mutaxassislar tomonidan “Kelajakka qadam” dasturining mazmun-mohiyati keng yoritildi. Ta’kidlanganidek, mazkur dastur yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning yangi bosqichini boshlab berib, ularning iqtisodiy faolligini oshirish, tashabbuslarini rag‘batlantirish va real daromad manbalarini yaratishga xizmat qilmoqda.
Ayniqsa, moliyaviy ko‘mak, imtiyozli kreditlar va amaliy maslahatlar tizimi yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Dastur doirasida ilgari surilayotgan tashabbuslar mazmunan uzviy va bosqichma-bosqich rivojlanishga asoslangan. Unda yoshlarni tadbirkorlikka ilk bor jalb etish, o‘z biznesini shakllantirish, faoliyatini kengaytirish, investitsiyalarni yo‘naltirish hamda dastlabki kasbiy ko‘nikmalarni mustahkamlash kabi jarayonlar yagona tizim asosida uyg‘unlashtirilgan.
Bu yondashuv yoshlarning g‘oyasini amaliy natijaga aylantirish, ularni mustaqil iqtisodiy subyekt sifatida shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda mamlakat miqyosida yoshlar bandligini ta’minlash masalasi strategik darajada qaralmoqda.
“Kelajakka qadam” dasturi esa ushbu siyosatning amaliy ifodasi sifatida hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Natijada yoshlarning tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda, ular uchun yangi imkoniyatlar yaratilmoqda, eng muhimi, ertangi kunga ishonch mustahkamlanmoqda.
Uchrashuv yakunida bitiruvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi, mutaxassislar bilan ochiq muloqot olib bordi. Bu esa yoshlarning kelajak rejalari yanada aniq shakllanishiga xizmat qildi.
Xulosa qilib aytganda, “Kelajakka qadam” dasturi bugungi yoshlar uchun muhim ijtimoiy tashabbus bo‘lib, ularning hayotda o‘z o‘rnini topishi, jamiyatda faol pozitsiyani egallashi va mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishida mustahkam tayanch vazifasini o‘tamoqda.




скачать dle 12.1