”Talabalar bahori” festivali doirasida qizlar bellashdi
Nukus shahrida o‘tkazilgan “Talabalar bahori” festivali doirasida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida talaba-qizlar ishtirokida o‘ziga xos tanlov tashkil etildi.
Ushbu tadbir “Veterinariya va zooinjeneriya” fakulteti Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha dekani maslahatchisi Z.Seytmusayeva tomonidan “Balli, qizlar!” ko‘rik-tanlovi sifatida o‘tkazilib, ishtirokchilar turli bosqichlarda o‘z qobiliyatlarini sinovdan o‘tkazdi.
Tanlov davomida sahnaga chiqqan har bir qiz o‘ziga xos yondashuvi, fikrlashi va didi bilan ajralib turdi. Oddiy tanishtiruv ortida ham ularning ichki dunyosi, qarashlari va maqsadlari sezildi. Keyingi chiqishlarda esa sahna madaniyati, obraz va ifoda uyg‘unligi yaqqol namoyon bo‘ldi.
Pazandachilik bosqichida ishtirokchilarning epchilligi va didi ko‘zga tashlandi, tayyorlangan taomdan ko‘ra, uni taqdim etish uslubi tomoshabinlarni hayratga soldi. Erkin mavzuda esa qizlar o‘z fikrlarini turlicha ifodalashga harakat qildi - kimdir mulohaza orqali, kimdir sahnaviy chiqish bilan, yana kimdir obraz orqali.
Tanlov yakunida har bir ishtirokchi o‘z imkoniyatini ochib bera oldi. Sahnadagi chiqishlar, ijodiy yondashuv va fikrlar tadbirga mazmun va jon bag‘ishladi. Ushbu bellashuv yosh qizlarning iste’dodini qadrlash va ularni ijodiy muhitga jalb qilishga xizmat qildi.




скачать dle 12.1