Biz yoshlar korrupsiyaga qarshimiz chellenji o‘tkazildi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Biz yoshlar korrupsiyaga qarshimiz!” shiori ostida chellenj tashkil etildi.
Mazkur chellenj yoshlar o‘rtasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, ularning huquqiy ongi va ijtimoiy mas’uliyatini yanada oshirishga qaratilgani bilan alohida ahamiyat kasb etdi.
Tadbir davomida asosiy urg‘u aynan yoshlarning faol ishtiroki, ularning tashabbuskorligi va korrupsiyaga qarshi qat’iy pozitsiyasini namoyon etishiga qaratildi. Chellenj doirasida talaba-yoshlar turli ijodiy yondashuvlar orqali o‘z fikr va qarashlarini ifoda etdilar.
Xususan, ular tomonidan mazkur mavzuga bag‘ishlab plakatlar tayyorlandi hamda korrupsiyaga qarshi mazmundagi rasmlar chizildi. Ushbu ijodiy ishlar orqali yoshlar halollik, adolat va shaffoflik g‘oyalarini yorqin aks ettirib, korrupsiyaga qarshi kurashda o‘zlarining befarq emasligini namoyon etdilar.
Tadbirda ta’kidlanganidek, korrupsiya – jamiyat taraqqiyotiga jiddiy to‘siq bo‘luvchi illat bo‘lib, unga qarshi kurashishda, avvalo, yoshlarning faol fuqarolik pozitsiyasi muhim o‘rin tutadi. Shu bois, bunday chellenjlar yoshlarni halollik, vatanparvarlik va qonunlarga hurmat ruhida tarbiyalashda samarali vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, “Biz yoshlar korrupsiyaga qarshimiz!” shiori ostida o‘tkazilgan ushbu chellenj yoshlarning ijodiy salohiyati, ijtimoiy faolligi va yuksak ma’naviy qarashlarini namoyon etgan holda, korrupsiyadan xoli jamiyat barpo etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.



скачать dle 12.1