Korrupsiyaga qarshi kurashda ta’lim — muhim omil
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Korrupsiyaning oldini olishda ta’limning roli” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi. Ushbu uchrashuv bugungi kunda jamiyat taraqqiyotiga bevosita ta’sir ko‘rsatuvchi eng dolzarb masalalardan biri — korrupsiyaga qarshi tizimli kurashni kuchaytirish, ayniqsa yoshlar ongida halollik, mas’uliyat va qonun ustuvorligiga tayangan fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga qaratilgani bilan e’tiborga molikdir.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi boshlig‘i B.Matmuratov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i A.Qidirniyazov, filial rahbariyati hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida so‘zga chiqqan B.Matmuratov yoshlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilib, korrupsiyaga qarshi kurash har bir fuqaroning shaxsiy mas’uliyati ekanini alohida ta’kidladi.
—Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurash faqat nazorat yoki jazoga asoslangan yondashuv bilangina cheklanib qolmasligi kerak, balki bu jarayon ongli tanlov, qat’iy fuqarolik pozitsiyasi va halollik tamoyillariga sodiq qolish orqali shakllanishi zarur. Ayniqsa, yoshlar jamiyatning eng faol qatlam sifatida bu borada tashabbuskor bo‘lishi, har qanday noqonuniy holatlarga nisbatan murosasiz munosabat bildirish orqali sog‘lom ijtimoiy muhitni qaror toptirishda yetakchi kuchga aylanishi lozim —deydi B.Matmuratov.
Ma’ruzachilar tomonidan korrupsiyaning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga salbiy ta’siri, uning ochiq va adolatli jamiyat barpo etish yo‘lidagi asosiy to‘siqlardan biri ekani aniq misollar orqali yoritib berildi. Shu nuqtai nazardan, ta’lim tizimi bilim berish bilan cheklanmay, yuksak ma’naviyat, halollik va qonunga hurmat ruhini shakllantiruvchi muhim ijtimoiy institut sifatida alohida o‘rin tutishi qayd etildi.
Tadbir davomida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan faol ishtirok etib, mutaxassislardan atroflicha va asosli javoblar oldi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan muloqot yoshlarning huquqiy tafakkurini boyitish, ularda korrupsiyaga qarshi qat’iy immunitetni shakllantirish yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.
Mazkur uchrashuv yoshlar ongida halollikni qadriyat darajasiga ko‘tarish, shaffoflik va adolat tamoyillarini hayotiy mezonga aylantirish hamda kelajakda mas’uliyatli, vijdonli va prinsipial kadrlarni tarbiyalash yo‘lida muhim ahamiyatga ega tashabbus sifatida e’tirof etildi.





скачать dle 12.1