Navro‘z bayrami — insoniy qadriyatlarni ulug‘lash
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Navro‘zni ulug‘lash — insonni ulug‘lashdir” shiori ostida Navro‘z bayrami keng nishonlandi. Tadbir yosh-u keksalarni, mehmonlar va filial jamoasini bir joyga jam etib, ezgu tilaklar va samimiy duolarga yo‘g‘rilgan holda o‘tdi.
Navro‘z bayramining ajralmas an’analaridan biri bo‘lgan sumalak sayli bu gal ham alohida fayz bag‘ishladi. Doshqozonda sumalak qaynatish jarayoni mehr va birdamlik ruhida davom etdi.
🇺🇿Ushbu an’ana atrofida jam bo‘lganlar qalblaridagi ezgu niyatlarini bildirib, qadimiy urf-odatlarni davom ettirdilar.
Bugun ertalab esa ushbu xayrli jarayon o‘zining eng hayajonli pallalaridan biriga yetdi — sumalak pishib, qozon ochildi. Qozon boshida yoshi ulug‘lar duo qilib, yurt tinchligi, xalq farovonligi hamda har bir xonadonga baraka tiladilar.
Ezgu niyatlar bilan ochilgan sumalak barchaga o‘zgacha quvonch va ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
E’tiborga molik jihatlardan yana biri — sumalak yuzasida daraxtsimon shakl aks etgani bo‘ldi. Filial jamoasi bu holatni yaxshilik, baraka va yangilanish ramzi sifatida talqin qildi.
Filial direktori A.Esimbetov rahbarligida o‘tkazilgan mazkur bayram mehmonlar va jamoa o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamladi. Yoshlar va keksalar birgalikda milliy qadriyatlarni asrab-avaylash, tinch osmon va farovon hayotni qadrlash borasida yakdil fikr bildirdilar.
Tadbir davomida filial direktori alohida ta’kidlaganidek, bunday milliy bayramlar xalqimizni yanada jipslashtiradi, qalblarda o‘zaro mehr-oqibatni mustahkamlaydi va bir-birimizga bo‘lgan hurmatni yuksaltiradi.
Shu tariqa, navro‘z bayrami milliy an’analarni davom ettirish, insoniy qadriyatlarni ulug‘lash va yoshlar qalbiga singdirishda muhim ahamiyat kasb etgan mazmunli va unutilmas tadbir sifatida o‘tdi.





скачать dle 12.1