Navro‘z — yangilanish, mehr va baraka bayrami
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Navro‘zni ulug‘lash — insonni ulug‘lashdir” degan ezgu va teran ma’no kasb etgan g‘oya ostida Navro‘z bayrami o‘ziga xos ko‘tarinki ruh, samimiylik va milliy qadriyatlarga yo‘g‘rilgan holda keng nishonlandi.
Bahorning ilk nafasi sezilib, tabiat uyg‘onayotgan, qalblarda yangilanish va ezgulik tuyg‘ulari jo‘sh urayotgan ushbu fayzli kunlarda filial hududi ham o‘zgacha shukuh va tarovat kasb etdi.
Bayram tadbirida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi rahbariyati, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, nufuzli mehmonlar hamda filial jamoasi bir davrada jam bo‘lib, Navro‘zning totli lahzalarini birgalikda baham ko‘rdi.
Tadbirni filial direktori A.Esimbetov ochib berar ekan, yig‘ilganlarni ushbu qutlug‘ ayyom bilan samimiy muborakbod etdi. U o‘z so‘zida Navro‘z azaldan xalqimiz qalbida yashab kelayotgan mehr-oqibat, bag‘rikenglik va yangilanish timsoli ekanini alohida ta’kidlab, barchaga sihat-salomatlik, baraka va muvaffaqiyat tiladi.
Bayram dasturi milliy an’analar va qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan rang-barang chiqishlarga boy bo‘ldi. Maydonlarda milliy o‘yinlar qizg‘in tus olib, sport musobaqalari yoshlarga shijoat va quvonch ulashdi. Har bir ishtirokchi ushbu jarayonda nafaqat bellashdi, balki chinakam bayram kayfiyatini his etdi.
Alohida e’tibor tortgan jihatlardan biri — milliy taomlar ko‘rgazmasi bo‘ldi. Unda mehmondo‘stlik va pazandachilik san’atining betakror namunalari namoyon etilib, dasturxonlar fayz-u barakaga to‘ldi.
Bayramning eng ta’sirchan va ramziy lahzalaridan biri esa doshqozonda sumalak qaynatilishi bo‘ldi.
Qozon atrofida jam bo‘lganlar dilidagi ezgu niyatlarini bildirib, qadimiy udumlarimizni davom ettirdilar. Sumalakning asta-sekin qaynab, mehr va sabr bilan tayyorlanishi go‘yo inson qalbidagi poklik va yaxshilik timsolidek namoyon bo‘ldi.
Tadbirning badiiy qismi esa bayramga yanada fayz bag‘ishladi. Estrada san’atkorlari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar, milliy ruhdagi sahna ko‘rinishlari va jozibador raqslar yig‘ilganlarga unutilmas zavq ulashdi. Har bir ohangda bahor nafasi, har bir raqsda esa milliylik ifodasi sezilib turdi.
Navro‘z bayrami filialda chinakam xalqona ruhda, samimiyat va hamjihatlik muhitida o‘tkazilib, barchaning qalbida iliq taassurotlar qoldirdi. Bu ayyom yana bir bor insonlarni ezgulikka chorlab, mehr-muruvvat va birlik qadriyatlarini yuksak darajada namoyon etdi.







скачать dle 12.1