Ilmga intilgan yoshlar bilan mazmunli uchrashuv o‘tkazildi
Payshanba — “Yoshlar kuni” munosabati bilan Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida talaba-yoshlar ishtirokida ochiq uchrashuv tashkil etildi. Tadbir samimiy va erkin muloqot ruhida kechib, yoshlarning fikr-mulohazalari, intilishlari hamda kelajak rejalari keng muhokama qilindi. Uchrashuv davomida filial direktori A.Esimbetov talaba-yoshlar bilan bevosita suhbat olib borib, ularning ta’lim jarayoni, ilmiy izlanishlari va kundalik faoliyatiga doir masalalarga alohida e’tibor qaratdi. Bildirilgan taklif va mulohazalar asosida ta’lim sifatini yanada oshirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yo‘nalishlar xususida fikr yuritildi.
Tadbir doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Innovatsion rivojlanish bo‘linmasi mutaxassisi E.Abdiganiyev ishtirokida seminar o‘tkazildi. Unda yosh olimlar, tayanch doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar hamda magistrantlar uchun ilmiy faoliyatni rivojlantirishga xizmat qiluvchi muhim dastur va tanlovlar haqida atroflicha ma’lumotlar taqdim etildi. Xususan, Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan e’lon qilinadigan “Bo‘lajak olim” tanlovi, “Akademik harakatchanlik” dasturi, ilmiy loyihalar tanlovlari hamda xorijiy davlatlarda ilmiy stajirovka o‘tash tartibi va talablari batafsil tushuntirildi.
Mazkur ma’lumotlar yosh tadqiqotchilarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish, ularni xalqaro miqyosdagi ilmiy jarayonlarga jalb etishda muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi. Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, ilmiy faoliyatni samarali yo‘lga qo‘yish yuzasidan zarur tavsiyalarga ega bo‘ldilar. Ochiq va mazmunli kechgan uchrashuv yoshlarning izlanishga bo‘lgan qiziqishini yanada mustahkamladi, ularni yangi marralar sari dadil intilishga ruhlantirdi.
скачать dle 12.1