Janubiy Qozog‘iston universiteti bilan hamkorlik orqali yangi imkoniyatlar eshigi ochildi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali delegatsiyasi Muxtor Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universitetiga amaliy safari bilan tashrif buyurdi.
Delegatsiya a’zolari sifatida o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Q.Atanazarov, “Veterinariya va zooinjeneriya” fakulteti dekani A.Kaniyazov va “Zooinjeneriya” kafedrasi mudiri X.Mamatov ishtirok etdi.
Safar davomida universitet rahbariyati bilan konstruktiv muloqotlar o‘tkazildi. Olib borilgan muloqotlarda filial va universitet o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, akademik mobillik dasturlari va qo‘shma ilmiy-ta’lim loyihalarini yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Universitet rahbariyati filial bilan qo‘shma tajriba almashinuvi, ilmiy va amaliy hamkorlik imkoniyatlarini taqdim etdi. Shuningdek, safar davomida universitetga biriktirilgan texnikum va umumta’lim maktablari bitiruvchilari bilan uchrashuvlar tashkil qilindi.
Uchrashuvlarda filialdagi ta’lim jarayoni, talabalar muvaffaqiyati, ilmiy va amaliy ishlar batafsil tushuntirildi. Bitiruvchi yoshlarga filialga hujjat topshirish va o‘qish imkoniyatlari bo‘yicha keng tavsiyalar berildi va ular faol ravishda qiziqish bildirdi.
Ma’lumki, filial Qo‘shni Qozog‘istonning nufuzli universitetlari bilan ijobiy hamkorlik olib boradi. Ushbu davlat universitetlari bilan jami 7 ta memorandum imzolangan bo‘lib, ular orasida “QS World University Rankings” TOP-1000 ligasiga kirgan universitetlar ham mavjud. Jumladan, Muxtor Auezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti ushbu reytingda 481-o‘rinni egallaydi va Evropa va Osiyoning ECCA reytingida 96-o‘rinda turadi.
Muxtor Auezov nomidagi Janubiy Qozog'iston universiteti Qozog‘iston Respublikasining eng yirik va ko‘p tarmoqli universiteti bo‘lib, mintaqaning ilmiy, madaniy va intellektual markazi hisoblanadi. Universitetda iqtisodiyot, fan va madaniyatning barcha sohalari uchun mutaxassislar tayyorlanadi.
Hozirgi kunda universitetda 1500 dan ortiq pedagoglar faoliyat yuritadi, shulardan 4 akademik NAN QK, 4 akademik NIAN QK, 123 doktor va 600 nomzod ilmiy darajaga ega. Shuningdek, universitetda AQSh, Germaniya, Ispaniya, Belgiya va Rossiyadan eng yaxshi olimlar va mutaxassislar jalb qilingan.
Ushbu amaliy safardan asosiy maqsad –filial va Janubiy Qozog‘iston universiteti o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, akademik almashinuv va qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish hamda yosh mutaxassislarning ilmiy va amaliy salohiyatini oshirishdir.
Shu bilan birga, bitiruvchi yoshlarga filialga hujjat topshirish va o‘qish imkoniyatlarini keng targ‘ib qilish ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.





скачать dle 12.1