Prezident va nomdor davlat stipendiyalari g‘oliblariga guvohnomalar topshirildi
Prezident va nomdor davlat stipendiyalari g‘oliblariga guvohnomalar topshirildi
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida Yoshlar kuni munosabati bilan filial direktori hamda talaba-yoshlar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Uchrashuv samimiy, ochiq va erkin ruhda o‘tib, unda talabalarning fikr-mulohazalari tinglandi, ularni qiynayotgan masalalar yuzasidan taklif va tashabbuslar muhokama qilindi.
Tadbir avvalida filial direktori, professor A.Esimbetov talabalar bilan ochiq muloqot olib borib, ularning ta’lim jarayonidagi faolligi, ilmiy izlanishlari hamda kelajak rejalari bilan qiziqdi.
Suhbat davomida yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning tashabbus va g‘oyalarini rag‘batlantirish, ilm-fan hamda innovatsiyalar yo‘lida dadil qadam tashlayotgan talabalar uchun zarur sharoitlar yaratib berish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekani ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida filial talabalari erishayotgan yutuqlar alohida e’tirof etildi. Avval xabar berganimizdek, 2025–2026 o‘quv yilida filialimizning 4 nafar iqtidorli talabalari Prezident va davlat stipendiyalariga sazovor bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan edi.
Shu munosabat bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Q.Sharipov tomonidan yuborilgan guvohnomalarni tantanali topshirish marosimi ham tashkil etildi. G‘oliblar yana bir bor tabriklanib, ularning intilish va mehnati boshqa talaba-yoshlar uchun ibrat ekani alohida ta’kidlandi. Taqdirlash jarayonida yana bir e’tiborga molik yutuq ham qayd etildi.
Yaqinda “Raqamli avlod qizlari” tanlovining final bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Xitoy davlatiga ta’lim sayohati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan 1-bosqich magistranti Sh.Qarlibayeva ham tadbir davomida alohida e’tirof etildi. Unga sertifikati topshirilib, ilmiy va ijtimoiy faolligi yuqori baholandi.
Uchrashuv yakunida talabalarga ilm olishga bo‘lgan intilishni yanada kuchaytirish, turli tanlov va loyihalarda faol qatnashish, filial sha’nini yuksaltiradigan yangi yutuqlar sari intilish zarurligi ta’kidlandi. Ta’kidlanganidek, yoshlarning har bir muvaffaqiyati nafaqat ularning shaxsiy g‘alabasi, balki filial nufuzi va ta’lim maskanining obro‘-e’tiborini yanada yuksaltiruvchi omil sifatida qayd etildi.
скачать dle 12.1