Ochiqlik va shaffoflik — ta’lim tizimining ustuvor tamoyili








Bugungi kunda mamlakatimizda davlat boshqaruvi va jamiyat hayotining barcha sohalarida ochiqlik va shaffoflik tamoyillarini ta’minlash ustuvor vazifalardan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, yoshlar ta’lim oladigan oliy ta’lim muassasalarida halollik muhitini mustahkamlash, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish hamda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu maqsadda ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar hamda jamoatchilik faollari ishtirokida turli ochiq muloqotlar va uchrashuvlar tashkil etilib, ta’lim jarayonlaridagi ochiqlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida tashkil etildi. “O‘quv jarayonlarida korrupsiyaning oldini olish hamda unga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida o‘tkazilgan ochiq muloqotda ommaviy axborot vositalari vakillari, jamoatchilik faollari hamda filial jamoasi ishtirok etdi.
Tadbirni filialning Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktorning birinchi o‘rinbosari X.Abdijaliyev ochib berdi. U o‘z so‘zida mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini, bu borada ayniqsa ta’lim tizimida adolat, halollik va shaffoflik tamoyillarini mustahkamlash dolzarb vazifalardan biri ekanini ta’kidladi. Shuningdek, ta’lim muassasalarida talabalar bilim va salohiyatini xolis baholash, ular uchun teng va adolatli sharoit yaratish, o‘quv jarayonlarining ochiqligini ta’minlash eng muhim vazifalardan biri sifatida qaralayotgani qayd etildi.
Tadbir davomida filialda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish “Komplaens-nazorat” tizimini boshqarish bo‘limi bosh mutaxassisi I. Dawletmuratov tomonidan batafsil ma’lumot taqdim etildi.
Uning ta’kidlashicha, filialda o‘quv jarayonlarini shaffof tashkil etish, baholash tizimida adolat tamoyillariga qat’iy rioya qilish, talabalar murojaatlarini tizimli o‘rganish va har qanday korrupsion holatlarning oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, talabalar bilan muntazam ochiq muloqotlar tashkil etish, murojaat va takliflarni o‘rganish, o‘quv jarayonlarini doimiy nazorat qilish, adolatsizlik holatlariga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Bu kabi choralar ta’lim muassasasida sog‘lom, adolatli va ishonchli ta’lim muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Ochiq muloqot davomida jurnalistlar tomonidan berilgan savollarga filial mas’ullari tomonidan atroflicha javoblar qaytarildi.
Ayniqsa, ta’lim jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash, talabalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda korrupsiyaviy holatlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu kabi ochiq muloqotlar ta’lim muassasalari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida keng jamoatchilikni xabardor qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar ta’lim jarayonlarini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi qayd etildi. Uchrashuv ochiq, samimiy va konstruktiv ruhda o‘tib, ishtirokchilarda ijobiy taassurot qoldirdi.
скачать dle 12.1