Hurmatli va aziz ayollar, qadrli qizlar!

Hurmatli va aziz ayollar, qadrli qizlar!
Sizlarni bahorning eng go‘zal va nafis bayrami – 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘zimning va filial jamoasi nomidan samimiy tabriklayman.
Ayollarimiz – hayotimizga mehr, muhabbat va quvonch bag‘ishlovchi, jamiyat taraqqiyoti va oila mustahkamligining ishonchli tayanchidir. Sizlar o‘zingizning yuksak mas’uliyatingiz, fidoyiligingiz, bilim va tajribangiz bilan nafaqat oilada, balki ilm-fan, ta’lim va jamiyat hayotining barcha sohalarida katta yutuqlarga erishib kelmoqdasiz.
Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning ta’lim olishi, ilm-fan bilan shug‘ullanishi va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu esa xotin-qizlarimizning jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni va nufuzini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Ayni paytda filialimizda ham xotin-qizlarimiz ta’lim, fan va tarbiya ishlarida faol ishtirok etib, filial rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Bugungi kunda filialimiz jamoasida 46 nafar ayol professor-o‘qituvchi va xodimlar samarali faoliyat olib borib, yosh avlodga chuqur bilim berish, ularni zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega mutaxassislar etib tarbiyalash yo‘lida fidokorona mehnat qilmoqda.
Filialimizda bugungi kunda kunduzgi bo‘limda 496 talaba qizlar tahsil olib, kelajakda mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi tizimining rivojlanishiga munosib hissa qo‘shishga tayyorlanmoqda. Ayniqsa, an’anaviy ravishda erkaklar ustunlik qilgan chorvachilik sohasiga qaramasdan, bugungi kunda filialimizda tahsil olayotgan talabalarning qariyb 47,5 foizini qizlar tashkil etayotgani alohida e’tiborga loyiq. Bu esa qizlarimizning zamonaviy bilim va kasblarni egallashga bo‘lgan intilishi, shijoati va salohiyati tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Ayniqsa, o‘tgan yil davomida filialda 2 (1 PhD), (1 DSc) ayol o‘qituvchining doktorlik dissertatsiya ishlarini muvaffaqiyatli himoya qilgani va 1 ayol o‘qituvchimiz dotsent ilmiy unvonini olgani ilm-fan rivoji yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Shuningdek, ayol professor-o‘qituvchilarimiz tomonidan 55 ta ilmiy maqola, 3 ta monografiya va 5 ta o‘quv qo‘llanma nashr etilib, 3 ta ilmiy loyiha taqdim etildi. Bu natijalar filialda ilm-fan rivojida xotin-qizlarning o‘rni tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.
Talaba qizlarimiz ham bilim va iqtidorlari bilan filialimiz nufuzini oshirmoqda. Xususan, 2025-2026-o‘quv yilida respublika miqyosida o‘tkazilgan xalqaro olimpiadada 4 nafar talaba, Respublika olimpiadasida 4 nafar talaba qizlarimiz faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Talaba qizlarimiz tomonidan 53 ta tezis va maqolalar chop etildi. Shuningdek, joriy o‘quv yilida 3 nafar talaba qizimiz faxriy davlat stipendiyasi, 1 nafar talaba qizimiz O‘zbekiston Kasaba uyushmasi federatsiyasi stipendiyasi sohibi bo‘lib, o‘z bilim va iqtidorini yana bir bor namoyon etdi.
Aziz va muhtarama ayol-qizlar!
Sizlarning fidokorona mehnatingiz, ilm-fan va ta’lim rivojiga qo‘shayotgan beqiyos hissangiz, yosh avlodni tarbiyalashdagi mas’uliyatli faoliyatingiz jamiyatimiz ravnaqi va obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Ushbu qutlug‘ ayyomda Sizlarga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, ishlaringizda yangi-yangi yutuq va zafarlar tilayman. Sizlarning mehr-oqibatingiz va ezgu ishlaringiz hayotimizga doimo nur va baraka olib kirsin.
Bayramingiz muborak bo‘lsin, aziz va qadrli ayol-qizlar!
Hurmat bilan,
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi,chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filiali direktori, biologya fanlari doktori, professor A.Esimbetov скачать dle 12.1